Talabaning onasini haqoratlagan prorektor vazifasidan chetlatildi
Jamiyat
−
05 Oktabr 2023
16770Avvalroq O‘zbekiston Milliy universiteti prorektori va ayol kishi o‘rtasida janjal bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Ushbu holatdan so‘ng prorektor o‘z vazifasidan vaqtincha chetlatildi. Bu haqda universitetning matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ular o‘rtasidagi janjal shu yilning sentyabr oyining birinchi o‘n kunligida ro‘y bergan. Murojaatchi ayol prorektor qabuliga kirgan. Ona farzandi geologiya fakulteti 1-kursi kechki bo‘limga o‘qishga kirganini aytib, talabalar turar joyidan o‘rin ajratish va ish bilan ta’minlashni so‘ragan. Prorektor murojaatchiga kechki ta’lim shaklida tahsil oladigan talabalar uchun yotoqxona yetishmasligi, o‘rinlar kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiydigan talabalarni qamrab olganini bildirgan.
“Murojaatchi tushunishni xohlamay, u holda qizini ish bilan ta’minlab berasiz, deb talab qo‘ygan. Prorektor agar imkoniyat topsak, maktablardan ish gaplashib beramiz, deb kerakli tavsiyalarni bergan. Ayol esa farzandiga universitetdan ish hal qilib berish talabini qo‘ygan. Talablari to‘liq qanoatlantirilmagan ayol ketar chog‘ida universitet rahbariyati va prorektorni o‘rinsiz haqoratlab ketgan. Kurakda turmaydigan so‘zlar prorektorning nafsoniyatiga tekkan va u ham ayolga nisbatan qo‘pol so‘zlarni ishlatgan”, deyiladi munosabatda.
Universitet matbuot xizmatiga ko‘ra, shu vaziyat murojaatchi tomonidan yozib olingan va “prorektor murojaatchi ayolni haqorat qildi” degan ma’nodagi qismi tarqatilgan. Mazkur vaziyatga prorektor kotibasi, universitet xotin-qizlar qo‘mitasi raisi hamda qabuldagi fuqarolar guvoh bo‘lgan.
“Universitet prorektori bilan ro‘y bergan ushbu holatda adolatli qaror chiqarish yuzasidan tegishli organ tomonidan tekshirish ishlari olib borilmoqda. Vaziyat to‘liq o‘rganilib, holatga huquqiy baho berilgunicha hozirda videoda aks etgan prorektor o‘z vazifasidan vaqtincha chetlatildi va uning vazifalari universitetning boshqa mas’ul prorektoriga yuklatildi”, deyiladi xabarda.
Tegishli tekshiruvlardan so‘ng prorektorga tashkiliy, intizomiy yoki ma’muriy chora ko‘rish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.
LiveBarchasi