“O‘zmilliybank” “smart” issiqxonaga 600 ming dollar ajratdi. Natija qanday?

Biznes

image

Sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi, mashaqqatlari talaygina. Faqatgina yozgi ekinlarni ekib, hosil olish orqali qishin-yozin rastalarni to‘ldirib, aholini yetarlicha oziq-ovqat mahsuloti bilan to‘liq ta’minlab bo‘lmaydi. Bu esa o‘z-o‘zidan yilning to‘rt faslida ham dehqonchilik qilish zaruratini yuzaga keltiradi. 

Shu sababdan, davlat rahbari tomonidan 2019 yil 20 mart kuni  “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4246-son qarori qabul qilindi. Bu esa, issiqxona sanoati sohasida katta burilish bo‘ldi. 

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizning barcha hududlarida gidroponika usulida issiqxonalar tashkil etilmoqda. Ixcham va samarador bunday issiqxonalar yuqori sifatli poliz mahsulotlari yetishtirish, ko‘plab ish o‘rinlari yaratish imkonini bermoqda.

O‘zbekiston Milliy banki tomonidan ham gidroponika usulidagi issiqxonalar qurish uchun kredit mablag‘lari ajratilgan. 

Jumladan, Toshkent viloyati, Qibray tumani, Baytko‘rg‘on qishloq fuqarolar yig‘inidagi “Baytqo‘rg‘on Abdug‘ani bog‘i” xususiy korxonasida ham innovatsion texnologiyaga asoslangan gidroponika usulidagi issiqxona tashkil etilgan. 

– Gidroponika tuproqsiz, faqat ozuqa moddalar bilan to‘yintirilgan suv yordamida dehqonchilik qilishni anglatadi, – deydi issiqxona rahbari Abdug‘ani Sultonov. — Bu usul asosan, Yevropa mamlakatlarida ommalashgan. Niderlandiyada oshqovoq, Belgiyada esa karam gidroponika usulida yetishtiriladi. Butun dunyoda samarali va tejamkor deb tan olingan gidroponika usulidagi issiqxonalarni yurtimizda ham ko‘praytirish niyatidamiz. Shu sababli, gidroponika usulidagi issiqxona qurish loyixamni taqdim etdim va “O‘zmilliybank” tomonidan menga Osiyo Taraqqiyot banki kredit liniyasi hisobidan olti yuz ming AQSH dollari miqdorida kredit ajratildi. Olingan kredit hisobiga Gollandiyadan zamonaviy jihozlar olib kelib o‘rnatdik. Issiqxonamiz joriy yil sentyabr oyida ish boshlagan. Bugungi kunda issiqxonada 12 nafar xodim ishlamoqda.  

Bu yerdagi barcha jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Issiqxonadagi harorat, o‘simlikning suv va ozuqaga talabi chuqur tahlil orqali aniqlanadi. Turli minerallar bilan boyitilgan suv tomchilatish usulida o‘simlik ildiziga yetkaziladi. Umumiy maydoni 1 gektar bo‘lgan issiqhonada Turkiyadan 25 ming tup serhosil pomidor navlari keltirib ekilgan. Mazkur issiqxona 1 yilda 162 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish imkoniga ega. 

Bir so‘z bilan aytganda “smart” issiqxona barcha zamonaviy talablarga javob beradi. Bundan tashqari, xususiy tadbirkor Milliy bank bilan hamkorlikni davom ettirgan holda mazkur issiqxona faoliyatini kengaytirishni ko‘zda tutgan. 

Reklama huquqi asosida


Maqola muallifi

Teglar

O'zmilliybank Issiqxona

Baholaganlar

68

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing