Issiqxonalarga gaz yetkazib berish qisqartirildi

3-sahifa

image

Kecha, 12 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatidagi issiqxonaga tabiiy gaz yetkazib berish 50 foizga qisqargani haqida ogohlantirish xati yuborilgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.  Mazkur holat yuzasidan “Hududgazta’minot” munosabat bildirib, havo haroratining keskin pasayishi oqibatida ayrim hududlardagi quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilayotganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, birinchi navbatda aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash ustuvor vazifa ekanligini inobatga olgan holda ayrim ulgurji iste’molchilarga cheklovlar kiritilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 26 sentyabrdagi PQ-339-son qaroriga muvofiq bosim tushishi yoki uzilishlar bo‘yicha issiqxona xo‘jaliklarini kamida 24 soat oldin “Hududgazta’minot” AJ tomonidan majburiy xabardor qilish amaliyoti joriy qilinishi belgilangan. Gaz ta’minoti korxonalari tomonidan doim mazkur amaliyot bo‘yicha ish yuritilib, cheklov kiritilishidan kamida 24 soat avval issiqxona xo‘jaliklariga ogohlantirish yuboriladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 27 oktyabrdagi 567-sonli qaroriga ko‘ra, aholining gaz ta’minoti tizimida favqulodda holatlar yuzaga kelganda, issiqxona xo‘jaligida yetarli miqdorda muqobil yoqilg‘i zaxirasining mavjud bo‘lishi belgilangan. “Hududgazta’minot” AJ, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama kelishuvda ham ko‘rsatib o‘tilgan.

Shu munosabat bilan uch tomonlama shartnoma shartlariga muvofiq issiqxona xo‘jaliklariga yetkazib beriladigan tabiiy gazga qisman cheklovlar kiritilgan davrlarda issiqxona xo‘jaliklari zaxira yoqilg‘i turlaridan foydalanishga vaqtinchalik o‘tishlari lozim bo‘ladi. Qayd etish kerak, mazkur cheklovlar faqat havo harorati keskin pasayib ketgan vaqtda qo‘llaniladi. Quvurlardagi gaz bosimlari barqarorlashganda cheklovlar bekor qilinishini ma’lum qilamiz", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Energetika vazirligi ham avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (gaz “zapravkalar”) faoliyatiga qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Issiqxona

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing