Issiqxona ishchilariga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foizga tushiriladi

Jamiyat

image

2028 yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi. Bu haqda bugun, 30 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan meva-sabzavot va oziq-ovqat eksportini ko‘paytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, bundan buyon issiqxonalar toifasidan qat’i nazar yer solig‘ini qishloq xo‘jaligi yerlari stavkasida to‘lashi belgilanib, 2028 yilga qadar issiqxona ishchilari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.

Soliq qo‘mitasiga butun tizimi, tahliliy va aql markazlarini safarbar etib, issiqxonalardan qisqartirilgan gaz qaysi sohalarga yo‘naltirilgani va ularning samaradorligini o‘rganish, agar gaz berilgan boshqa sohalarda qo‘shilgan qiymat kam bo‘lsa, gazni issiqxonalarga yo‘naltirish topshirildi.

Ekologik vaziyatni hisobga olgan holda, Toshkent viloyatidagi issiqxonalar faoliyatining havo sifatiga salbiy ta’siri bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil hal qilish vazifasi qo‘yildi.

“Barcha eshitib olsin: issiqxonalar bu – oziq-ovqat xavfsizligi, iqtisodiy xavfsizlik masalasi hisoblanadi”, deydi Prezident.

Tegishli idoralarga sohada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.

Shuningdek, hozirgacha 200 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani katta samara bergani ta’kidlandi. Natijada 420 million kubmetr suv iqtisod qilinib, qo‘shimcha 65 ming gektarda meva-sabzavot yetishtirish imkoniyati yaratilgan.

Ushbu ishlar uchun o‘tgan yili 2,6 trillion so‘m, joriy yil esa 1,2 trillion so‘m sarflangan. Yil yakunigacha yana 10 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, 200 ming gektarni lazerli tekislash uchun 1 mingta texnika xarid qilish rejalashtirilgan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bu yil uchun zarur mablag‘larning moliyaviy manbasini hal qilish, kelasi yil dasturi uchun 2 trillion so‘m resurs shakllantirish topshirildi.

Prezident dala chetiga ekin ekish, kooperatsiyalar bo‘yicha qonunlar va Suv kodeksining qabul qilingani suv tanqisligi sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. Endi deputat va senatorlar, mahalliy Kengash vakillari qishloq xo‘jaligida daromadni oshirish, eksportni rag‘batlantirish, tadbirkorlarni standartlar joriy qilish va sertifikat olishga o‘rgatish bo‘yicha faol bo‘lib, qonunchilikka oid yangi taklif bersa, bu ham maqsadga muvofiq bo‘lishi ta’kidlandi.

Hukumatga shtab tashkil qilib, eksportchi, issiqxonachi va boshqa meva-sabzavot yetishtiruvchilar bilan doimiy muloqot platformasini ishga tushirish, tadbirkorlarning davlat idoralari bilan bog‘liq barcha muammolarini aniqlab, joyida hal qilib borish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda tadbirkorlarning namunali tajribalari ko‘rib chiqildi, mutasaddilarning axboroti tinglandi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident ushbu yig‘ilishda xorijdagi elchixona va bosh konsulxonalarni eksportni ko‘paytirishga faolroq ko‘maklashishga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Issiqxona ijtimoiy soliq stavkasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing