O‘zLiDep raisi muxolifat shakllanishi haqida: sabablar, omillar kerak
Intervyu
−
18 yanvar 2020
6462Bugun, 18 yanvar kuni Toshkent shahrida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Liberal-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalistlar tomonidan O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitovga muxolifat haqida savollar berildi. U bunga javoban:
“Mana shu masala yuzasidan oxirgi vaqtlar ko‘plab fikrlar bildirilyapti. Masala yuzasidan Prezident Shavkat Mirziyoyev aniq, yaqqol fikrlarini bildirdi. Haqiqatan ham muxolifat partiya o‘zimizning oramizda shakllanib, rivojlanishi va albatta yetakchi bo‘lgan partiyalarga nisbatan fikrini dadil ayta olishi kerak.
Menimcha, 5 yil muddat kichik muddat emas. Ushbu muddat davomida shunga asos bo‘ladigan imkoniyatlar va shunga imkoniyat beradigan sharoitlar jamiyatimizda yaratilgan: qonunlar ustuvorligi, so‘z erkinligi va boshqalar. Lekin muxolifatning birdan paydo bo‘lishi uchun ma’lum muddat kerak. Bunga sabablar kerak, omillar kerak. O‘ylaymanki, mana shu 5 yil shu borada tashlanadigan muhim qadam bo‘ladi. Albatta, bularning hammasi fikrlar qarama-qarshiligi va aynan mana shu ko‘plab muammolarni boshqa tarafdan ko‘rib yechilishiga sabab bo‘ladi deb o‘ylayman”, deydi Aktam Xaitov.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston siyosatida muxolifatga yo‘l berilishi haqida ilk bor 2019 yilning 27 dekabrida gapirgandi.
Prezident Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabdagi yoshlar bilan uchrashuvda muxolifat O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi deya ritorik savol qo‘ygandi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda muxolifat muhokama qilinmoqda. U bizga qanday foyda keltiradi? Men Prezident sifatida muxolifatga qarshi emasman. Biroq u o‘zimizda paydo bo‘lishi uchun muhit yaratishimiz kerak. Bu shaxslar xalqning dardini bilishi, ular bilan barcha muammolarni boshidan kechirishi va shu yerning nonini yeb, suvini ichishi kerak”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.
LiveBarchasi