Aktam Xaitov “UzAuto Motors” kabi monopollarga qarshi kurashishni va’da qildi
Jamiyat
−
12 mart 2020
11735“UzAuto Motors”ning avtomobillar narxini oshirishi ortidan boshlangan bahs-munozaralar davom etmoqda. Bugun, 12 mart kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi rasmiy saytida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitovning bayonot e’lon qilindi. Unda shunday deyiladi:
“UzAuto Motors”ning narxlarni xalq bilan maslahatlashmay oshirishi partiya elektoratini ham, O'zLiDeP deputatlarini ham norozi qildi.
Vaholanki, taraqqiyotimizning yangi davrida har bir tashkilot o‘z qarorini xalq muhokamasiga qo‘yishga o‘rgandi. Hattoki, qonun loyihalari ham xalq "ekspertiza"sidan o‘tkazilayotgani fikrimizga yaqqol dalil. “UzAuto Motors” esa ana shu yangi tendensiyani nazar-pisand qilmadi. Narxlarni o‘zi bilganicha oshirdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalardan chetda qolib ketyapsizlar, deguvchilarga aytmoqchimiz: O'zLiDeP saylovoldi dasturida monopol korxonalarga qarshi kurashish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiyamiz barcha tadbirkorlik sub’ektlari uchun teng, halol, adolatli, tizim yaratish tarafdori. Ana shunday demokratik-liberal tamoyil odamlarni ham, tadbirkorlarni ham davlatdan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratadi.
“UzAuto Motors” yaqin orada avtomobillarga o‘rnatilgan yangi narxlar bo‘yicha bayonot berdi. Ochig‘ini aytsak, ular o‘zini nima deb oqlashi, nega aynan “Damas”, “Spark”, “Nexia” kabi mashinalar narxlarida keskin o‘zgarishlar bo‘lganini bilish biz uchun ham qiziq edi.
“UzAuto Motors” qanday bayonot berganidan qat’i nazar, bir fikrda qat’iymiz: xalq va xalq vakillari – deputatlarni hurmat qilgan har qanday tashkilot narxni oshirmasdan oldin buni xalq muhokamasidan o‘tkazishi lozim edi.
Xulosa o‘rnida aytmoqchi bo‘lgan fikrimiz quyidagicha: bundan buyon O'zLiDeP o‘zi bilgancha ish qiladigan monopol korxonalarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi”.
Partiya rasmiysi o‘z bayonotida juda og‘ir yukni gardaniga olgan, katta va’dalar berib yuborgan. Ko‘ramiz, u mamlakatda monopoliyaga qarshi qanchalik kurasha olarkin. Uning aytganlari “O‘zbekiston havo yo‘llari” va hokimga oid korxonalarga ham ta’sir o‘tkazishini kutamiz.
LiveBarchasi