QALAMPIR.UZ so‘rovnomasi: avtomobillar narxi oshishiga odamlar nima deydi?
Jamiyat
−
11 mart 2020
12893Joriy yilning 9 mart kuni “UzAuto Motors” kompaniyasi Damas va Spark rusumli avtomashinalarining narxini 21 foizgacha, Nexia, Cobalt va Lacetti narxlarini esa 15 foizgacha oshirdi. Bu holat odamlar orasida katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Xo‘sh, narxlar oshishiga odamlar nima deydi? QALAMPIR.UZ xalq fikrini o‘rgandi.
So‘rovnomaga ko‘ra, aksar xalq vakillari o‘z noroziliklarini bildirdi. Ularning ayrimlaridan iqtiboslar keltirib o‘tamiz.
“Bizda hech narsaning narxi tushmaydi. Bitta bananning narxi koronavirus sabab tushgandi. Arzon bo‘ldi deb sotib olishni boshlagan edik, bir zumda yana avvalgi narxiga qaytib qoldi”;
“Chet elda yil yakunida avtomashinalar sotib olishga chegirmalar joriy etiladi. Bizda esa narxlar oshgani oshgan”;
“O‘zbekistonda “Peugeot” korxonasiga ochiladi deyishgandi. Keyin ochilmaydi deyishdi. “Volkswagen” zavodi ochiladi deyildi. Bu voqeaga ham bir yil bo‘lib qoldi. Yoki bu ham ochilmaydimi? “GM Uzbekistan” o‘rniga “UzAuto Motors” tashkil qilindi. Bu korxona qayta tashkil etilganidan beri nima ish qilib berdi?”;
“Aynan oddiy xalq sotib oladigan mashinalar narxi oshgan-u boylar oladigan mashinalar narxi oshmagan. Ularning raqobatchisi yo‘q. Shu sababli ular istagan narxini qo‘yib sotishmoqda”, degan turli tuman fikrlar bildirildi. So‘rovnomani to‘liq videorolikda ko‘rishingiz mumkin.
Eslatib o‘tamiz, mashinalarning narxi oshgach, bir qancha rasmiylar o‘z e’tirozlarini bildirdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Maqsud Qurbonboyev avtomobillar narxining to‘satdan oshirilishida xalqning tanqidlarini o‘rinli deb hisoblashini aytdi. Deputat buni kambag‘alni tuyaning ustida it qopishiga o‘xshatdi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi esa “UzAuto Motors”ning narxlarni to‘satdan oshirishini iste’molchilar ustidan yana bir ahmoqona “yurish qilish” deb atadi.
Bugun, 11 mart kuni, oradan ikki kun o‘tib, “UzAuto Motors” holatga o‘z bayonotini e’lon qildi.
LiveBarchasi