O‘zLiDeP Konstitutsiyani isloh qilishni boshlash taklifi bilan chiqdi
Jamiyat
−
16 may 2022
7197O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Liberal-demokratik partiya fraksiyasi mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritishni jarayonini boshlashni taklif qildi. Bu haqda bugun, 16 may kuni partiya fraksiyasining yig‘ilishida aytib o‘tilgan.
“Fraksiya a’zolari Konstitutsiyaning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uni bugungi real voqelikka moslashtirish, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi uchun yanada mustahkam huquqiy poydevor yaratish bo‘yicha o‘zlarining aniq pozitsiyalarini ma’lum qilishdi”, deyiladi partiya xabarida.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zLiDep fraksiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbus Qonunchilik palatasidagi yana bir yetakchi fraksiyasi – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining ham maqsad, vazifalari hamda saylovoldi dasturlari bilan hamohangligidan kelib chiqib, ushbu masalani mazkur fraksiyalarning qo‘shma yig‘ilishida muhokamaga qo‘yilishi tashabbusi ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 7 dekabrida Prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida asosiy qomusda o‘zgartirishlarga asos bo‘ladigan 9 holatni sanagandi:
• ilgari amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyilini “inson – jamiyat – davlat” deb o‘zgartirish, uni milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda mustahkamlash;
• iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlash bosh mezon bo‘lishi;
• “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomini konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlash;
• Bosh qomusda oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslarni belgilab qo‘yish;
• yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, o‘g‘il-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada aks ettirish;
• “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyilni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlash;
• Konstitutsiyada bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalarini aks ettirish;
• O‘zbekiston Konstitutsiyasida ham ekologiya masalasiga doir huquqiy normalar kiritish;
• Uchinchi Renessansning to‘rt uzviy halqasi bo‘lmish bog‘cha, maktab, oliy ta’lim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish.
LiveBarchasi