O‘zini o‘zi moliyalashtiradigan OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi
Jamiyat
−
05 dekabr 2019
11998O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qaror bilan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab, tajriba-sinov tariqasida o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan 10 ta oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati tasdiqlandi.
Bunda ushbu OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnika bazasi yetarli darajadaligi, ta’lim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi inobatga olindi.
Shuningdek, o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan OTMlarga bir qator qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Qo‘shimcha ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish, iqtisodiyot tarmoqlari mutaxassislarining malakasini oshirish va boshqa pullik xizmatlarni joriy etish shular jumlasidandir.
Qarorga ko‘ra, o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan OTMda to‘lov-kontrakti asosida ta’lim olayotgan talabalarning kontrakt to‘lash muddatlari tomonlar kelishuviga ko‘ra shartnoma asosida belgilanadi.
Ma’lumot uchun: Prezidentning 2019 yil 11 iyuldagi qarori bilan 2020 yildan boshlab ayrim OTMlar bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi belgilangan.