O‘zgidromet OTMga kirish imtihonlarini o‘tkazish vaqti bo‘yicha taklif berdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini soat 09:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqtda o‘tkazish taklif qilindi. Gidrometeorologiya xizmati markazi shunday taklif bilan chiqdi.

Markazning qayd etishicha, 2020 yilning yoz oylari qolgan yillarga nisbatan salqinroq bo‘lgan. Jumladan, 2020 yilning mutlaq maksimal havo harorati 40,2 daraja tashkil etgan, bu qiymat 2019 yilning mutlaq maksimal havo haroratidan 2,3 darajaga, 2018 yildan esa 2,8 daraja bo‘lgan. Bunday holat 2020 yil 1 avgust kunida ham o‘z aksini topgan. Shu kuni havo harorati 2019 yilning 1 avgust kunidagi maksimal havo haroratidan 6,5 darajaga, 2018 yilning 1 avgustidan esa 3,7 daraja salqinroq bo‘lib, 32,5 darajani tashkil etgan.

Joriy 2021 yilning 1 avgust kuni havo harorati me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shu kuni ob-havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi (10-20 foiz biroz qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ish ehtimoli bor). Shamol o‘rtacha tezlikda esadi. Harorat kechasi 20-25 daraja, kunduzi 35-40 daraja bo‘ladi.

“Ma’lumki, yuqori havo harorati inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yuqori harorat, avvalambor, terlashga olib kelishi, bu esa o‘z navbatida organizmni suvsizlanishiga, mineral suvlar va foydali vitaminlarni yo‘qolishiga, shuningdek, yurak-qon tomir tizimi faoliyatida jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi, nafas olish tezligini oshirishi hamda e’tiborning zaiflashishi, reaksiyani pasayishiga va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deyiladi O‘zgidromet xabarida.

Inson organizmiga ob-havo ta’sirini yumshatish maqsadida O‘zgidromet tomonidan quyidagilar tavsiya etdi:

•    Respublikada odatda havo haroratining yuqori darajaga ko‘tarilishi 12:00 dan 15:00 lar davriga to‘g‘ri keladi. Bundan kelib chiqib test sinovlari soat 09:00 dan 11:00 gacha bo‘lgan vaqtda o‘tkazish;

•    Imtihonlarni iloji boricha bino ichida yoki salqin joylarda o‘tkazish;

•    Abituriyentlarni muntazam ravishda ichimlik suvlari bilan ta’minlab borish.


Maqola muallifi

Teglar

imtihon

Baholaganlar

257

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing