O‘zgarish bo‘lmasa, ishdan ketadi – Gavhar Alimova bilan G‘aniyev haqida intervyu (video)

Intervyu

Xabaringiz bor, kecha, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Reglament va odob komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyati hokimi, senator Shuhrat G‘aniyevning internet ommaviy axborot vositalari, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ovozli yozuvi, ayollarning ro‘mol o‘rashi bilan bog‘liq cheklovlari muhokama qilindi. U Prezidentdan va senatorlardan o‘tinib-o‘tinib kechirim so‘radi. Senat unga qat’iy ogohlantirish va uch oy muhlat berdi

QALAMPIR.UZ yig‘ilishdan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Reglament va odob komissiyasi raisi o‘rinbosari Gavhar Alimovaga mikrafon tutdi. 

— Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyevning yig‘ilishda aytgan fikrlari kechadan buyon O‘zbekistonda dolzarb bo‘lib turibdi. Reglament va odob komissiyasi majlisida ham bu masala ko‘rib chiqildi. Ko‘pchilik rahbarlar “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni ochib o‘qishga ulgurmagani bugungi yig‘ilish misolida ham ko‘rindi.

— Albatta, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarni qabul qildik. Bunda mamlakatimizda ayollarga nisbatan e’tibor naqadar yuksak ekanini ko‘rishimiz mumkin. Ayollar bizda qadimdan e’zozlangan. Unga ona sifatida, qiz, opa-singil sifatida qaralgan. Farg‘ona viloyati hokimining bu qarashlari, bu muomalasi bizning ma’naviyatimizga mutlaqo zid. Chunki, rahbar avvalambor ma’naviyatli bo‘lishi kerak.

Ro‘molga keladigan bo‘lsak, men ham uyda ro‘mol o‘rayman. Biror joyga borsam, ro‘mol o‘rayman. Ro‘mol o‘rama, degan tushuncha hech qayerda, birorta qonunda yozilmagan. Samarqand viloyati ayollarining yetakchisi sifatida aytishim mumkinki, ro‘mol o‘rama degan gapni ko‘tarishga hech qachon haqqimiz yo‘q. Qolaversa, insonning o‘z haq-huquqlari bor. 

To‘g‘ri, kiyinish madaniyatiga, etika-estetika, odob-axloq normalariga amal qilishimiz kerak, lekin bunda ro‘mol o‘rama, degan tushuncha mutlaqo noto‘g‘ri. Maktablarda ham hozir ro‘molni bemalol o‘rqaga o‘rab yurgan qizlarimiz bor. Bu o‘zining xohishi. Lekin biz unga ro‘molni yech deb yoki boshqa qo‘pol so‘zlar bilan munosabat bildirishimiz bu mutlaqo madaniyatsizlik deb bilaman. 

— Maktablarda va oliy o‘quv yurtlarida qizlarning ro‘mol o‘rashi bilan bog‘liq norasmiy cheklovlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda yoziladigan gaplarga qanday qaraysiz?

— Ta’lim muassasalarining o‘z Nizomlari bor. Nizomda ro‘mol o‘rama degan cheklov yo‘q, aslida. Bu noto‘g‘ri tushuncha. O‘tgan yili ayrim holatlar bo‘ldi, ro‘molni yechib olishgani haqida eshitganman. Lekin men viloyatda bu holatni ko‘rganim yo‘q. 

— Yoki Shuhrat G‘aniyev kabi rahbarlarning nojo‘ya xatti-harakatlari...

— Butkul qoralayman bu holatni.

— Bunday hodisalardan boshqa rahbarlarda ham xuddi shunday tushuncha hosil bo‘lishi mumkin. 

— Albatta, odamlar, ayniqsa yoshlar o‘rtasida salbiy tushunchalar paydo bo‘lishi mumkin. Dunyoda jamiyatga baho berish, uning rivoji ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Agar diniy tarafdan qaraydigan bo‘lsak ham, Payg‘ambarimiz ummatlariga shunday deb aytgan: “Ummatlarim, men sizlardan ko‘ra o‘z ahli ayolimga yaxshiman. Faqatgina yomon insonlargina o‘z ahli ayoliga yomon bo‘ladi”. Bundan tashqari juda ko‘p faylasuf olimlarimiz, mutafakkirlarimiz ayollarni e’zozlashgan. Bo‘lib o‘tgan voqealarni esa nafaqat rahbar ayol, senator, balki oddiy ayol sifatida ham qoralayman. 

— Kasbingiz, bugungi faoliyatingiz nuqtai nazaridan juda ko‘plab rahbarlar bilan muloqotda bo‘lasiz. Nima deb o‘ylaysiz, O‘zbekistonga rahbarlik diplomatiyasi to‘g‘risidagi qonun yoki nutq, muomala madaniyati to‘g‘risidagi hujjat kerak emasmi? 

— Avvalambor, bu insonning o‘ziga bog‘liq. Lekin ko‘p joylardagi rahbarlarda diplomatiya, muomala madaniyati yetishmaydi. Haqiqatan ham bu masalani o‘ylab ko‘rish kerak. Kadrlar tayyorlash milliy dasturimiz bor. Lekin ana shu dasturda ham rahbarlik diplomatiyasi ko‘rsatilmagan. 

— Bugungi yig‘ilishda aytilganidek, avval ham Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan bog‘liq bunday voqealar Toshloq va Rishton tumanlari misolida ro‘y bergan edi. Ijtimoiy tarmoqda navbatdagi voqeadan keyin hokim lavozimidan ozod etilishi taxmin qilindi. Lekin bunday bo‘lmadi.

— E’tirozingiz to‘g‘ri. Shuncha voqealar biror marta Senatda muhokama qilinmadi. U voqealar shunchaki ijtimoiy tarmoqlarda aylandi. Biz ham bunga aybdormiz. Nima uchun o‘sha vaqtdayoq bu voqealarning oldini olmadik, nima uchun Reglament va odob komissiyasida shu masalani ko‘rib chiqmadik, degan savol meni bugun juda qiynadi va uyaltirdi. Haqiqatan ham, biz bu masalani oldinroq ko‘rib chiqqanimizda, bugun shu darajaga yetib kelmagan bo‘lardi. Hokim Shuhrat G‘aniyevga berilgan bugungi ogohlantirish – bu qat’iy chora. Biz unga uch oy muddat berdik. Uch oy muddatda boshqa holatlar ham ko‘rib chiqiladi. Uchdan oydan keyin xulosalarga qarab, chora ko‘riladi. 

— O‘zgarish bo‘lmasa, qanday chora ko‘riladi? 

— O‘zgarish bo‘ladi, degan umiddaman. Bo‘lmasa ishdan ketadi. Uch oy o‘ylab ko‘rishga yetarli vaqt. Yana bir bor takrorlayman, ilgari shu masalani ko‘rib chiqmaganimiz, bizning ham aybimiz. 
 


Maqola muallifi

Teglar

Senat Shuhrat G'aniev Gavhar Alimova

Baholaganlar

208

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made