“O‘zbekneftgaz” rahbari “Bunyodkor”dan yiliga 1 milliard so‘mdan ortiq pul olardi – Ivan Boshkovich
Sport
−
18 yanvar 2023
36186Toshkentning “Bunyodkor” futbol klubi sobiq bosh murabbiyi, chernogoriyalik Ivan Boshkovich “O‘zbekneftgaz” va “Bunyodkor” jamoasi boshlig‘i Mehriddin Abdullayevning klub ishlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashuvi haqida fikr bildirdi. Bu haqda murabbiy Sports.uz saytiga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Fikrimcha, rahbar klub rivojlanishi uchun bosh qotirishi kerak, lekin bizning rahbarimiz bunday qilmadi. Hozir faqat “Bunyodkor” haqida emas, balki futbolingizdagi eng yomon illat haqida gap ketmoqda. Mamlakatingizdagi barcha jamoa rahbarlari klubning ichki ishlariga aralashmasligi mumkin. Hammamiz o‘z ishimizni qilaylik. Rahbarlar homiy bo‘lsa, pulni bersin, boshqa ishlarga aralashmasin. O‘FA prezidenti Abdusalom Azizov va vitse-prezident Odil Ahmedov tashkilotdan maosh olmaydi. Bizning rahbar esa klubdan yiliga 1 milliard so‘mdan ortiq pul olardi, shuningdek, mukofot pullari ham bor”, deydi Ivan Boshkovich.
Ma’lumot uchun, chernogoriyalik 41 yoshli Boshkovich uch yildan buyon “qaldirg‘ochlar” tizimida faoliyat yuritadi. U futbolchilik faoliyati davomida Qarshining “Nasaf” jamoasida to‘p tepgan.
Eslatib o‘tamiz, 17 yanvar kuni O‘zPFL rahbari Diyor Imomxo‘jayev ham “Bunyodkor” futbol klubidagi rahbarlar almashuvi va klub tizimidagi muammolar haqida fikr bildirgandi.
(*Boshkovichning intervyusi Sports.uz nashrida chiqqanidan 20 daqiqa o‘tib o‘chirib yuborilgan)
LiveBarchasi