“O‘zbekneftgaz” daromadi 2023 yilda yarim baravarga kamaydi
Jamiyat
−
25 mart
39492023 yilda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining sof foydasi ikki barobarga kamaydi. Bu haqda “Kapital Depozit” investitsion kompaniyasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan 2023 yilda “O‘zbekneftgaz”ning sof foydasi 611,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bu 2022 yildagi daromadga nisbatan 52,6 foizga kam.
Kompaniya tushumlari 11,2 foizga o‘sib, 14,7 trln so‘mga yetgan, dividend ko‘rinishidagi daromadlar 1,2 trlndan 2,5 trln so‘mga ko‘paygan. Kompaniya uzoq muddatli bank kreditlari miqdorini 18 trln so‘mdan 17,6 trln so‘mga kamaytirishga erishgan bo‘lsa, qisqa muddatli kreditlar uch barobarga oshib, 746,8 mlrd so‘mdan 2,2 trln so‘mga yetgan.
Umuman olganda, oxirgi 3−4 yil ichida kompaniya foydasi 5 barobarga kamaydi. 2023 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda 295 ta neft-gaz koni bor. Shundan 118 tasi – 40 foiziga davlatga qarashli “O‘zbekneftgaz” egalik qiladi. Qolgan 176 tasi qo‘shma korxonalar va xorijiy kompaniyalarga tegishli.
O‘tgan yilgi uchrashuvda “O‘zbekneftgaz”ning sobiq raisi Mehriddin Abdullayev OAV vakillariga kompaniya ixtiyorida 2017 yildan keyin asosan gaz konlari qolganini ma’lum qilgan edi. Neft konlarining asosiy qismi esa (104 ta neft koni) offshor zona hisoblanmish Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy kompaniya “Sanoat energetika guruhi” (Saneg; avvalgi Jizzakh Petroleum)ga berilgan.
Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, “O‘zbekneftgaz”ning gaz qazib olish hajmi yildan-yilga qisqarmoqda. Kompaniya tomonidan 2021 yilda 33,9 mlrd kub, 2022 yilda esa 32,2 mlrd kub metr tabiiy gaz qazib olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zbekneftgaz”ga tegishli 78 ta AYOQSH va “Chinoz neftni qayta ishlash zavodi” sobiq Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga qarashli kompaniyaga sotib yuborilgan edi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ularning qachon va qanchaga sotilgani to‘g‘risida haligacha ma’lumot bermadi.