“O‘zbekkosmos” Afg‘onistonning Qo‘shtepa kanalidagi “avariya” bo‘yicha ma’lumot berdi (foto)

Olam

image

Avvalroq, Afg‘onistonda “Tolibon” tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanalida birinchi jiddiy "avariya" yuz bergani haqida xabar bergandik.  

“O‘zbekkosmos” agentligi ham bu haqdagi o‘z ma’lumotlarini taqdim etdi.

Unga ko‘ra, “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo‘shtepa kanalidan katta hajmda suv sizib chiqqani haqidagi xabari turli fazoviy o‘lcham aniqligidagi multispektral kosmik suratlarning retrospektiv tahlili asosida o‘rganib chiqilgan. Agentlik kanal qurilishi dinamikasini kosmik monitoring orqali muntazam kuzatib, qazish ishlari olib borilayotgan hududda o‘tgan yilning may oyidan boshlab yerosti sizot suvlarining ko‘tarilganini aniqlagan.

"Qurilish davomida kanalning to‘rtta qismida sun’iy to‘siqlar qoldirilgan bo‘lib, ular birinchi bosqich ishlari yakunida, 2023 yil 10 oktyabrda to‘liq olib tashlangan va suv oqimi hosil bo‘lgan. Kosmik monitoring natijasida 2023 yil 4 noyabr kuni Qo‘shtepa kanalining 75,6-kilometrida o‘ng qirg‘oqning 30 metrga yaqin qismidan suv sizib chiqishi aniqlangan. 5 noyabr kuni suv tarqalgan hududning maydoni 19,5 km kv, 25 noyabrda – 23,8 km kv, 13 dekabr holatiga esa 30,3 km kv ni tashkil etib, suvni to‘xtatish choralari ko‘rilmagan", deyiladi “O‘zbekkosmos”ning tahlilida.  

Ekspertlar fikricha, ushbu holat kanal devorlari Amudaryodan kelayotgan suv oqimining bosimiga bardosh bera olmagani natijasida yuzaga kelgan. O‘z navbatida, kanal qurilishiga mas’ul afg‘on muhandislari yerosti sizot suvlarining me’yorini nazorat qilish maqsadida kanalning 75,6-kilometrida suv maqsadli ravishda ochiq hududga yo‘naltirilganini ta’kidlamoqda.

Qo‘shtepa kanali qurilishi dinamikasining kosmik monitoringi inshootning Amudaryodan suv olish qismida qazish ishlari yakunlanmagani, daryoga ulanish joyida hozirda 20 m ga yaqin qazilmagan hududning mavjudligini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, o‘ta yuqori aniqlikdagi kosmik suratlarning tahlili natijasida sizot suvlarini tashqariga yo‘naltirish uchun kanal qirg‘og‘ida maqsadli ravishda qazish ishlari olib borilganining (maxsus texnikaning ishlatilishi, qazib olingan tuproq hajmining paydo bo‘lishi va hokazolar) vizual belgilari aniqlanmadi.

Bundan tashqari, mavjud materiallar suv sizib chiqish joyi atrofida hozirda sizot suvlari kamayib, kanal tubi asta-sekin qurib borayotganini ko‘rsatmoqda. 

"Shunday qilib, o‘tkazilgan tahlillar internet tarmog‘ida tarqatilayotgan “Chegara bilmas daryolar” xalqaro ekologik koalitsiyasi ekspertlarining Qo‘shtepa kanali qirg‘og‘i Amudaryodan olinayotgan suv oqimi natijasida yuvib ketilgani to‘g‘risidagi ma’lumotlari haqiqatga mos kelmasligini, sizib chiqqan suv sizot suvlari ekanligini tasdiqlaydi", deya xulosa qilgan agentlik mutaxassislari.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston avariya Qo'shtepa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing