“O‘zbekkonsert”ning yangi rahbari ishni Avaz(bek) Olimovga tushuntirish xati yozdirishdan boshladi

Madaniyat-san’at

image

Joriy yilning 10 iyun kuni “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi lavozimiga tayinlangan Alisher Jamoldinov ishni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Avazbek Olimovga tushuntirish xati yozdirishdan boshladi. Buni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Telegram’dagi kanalida tarqatilgan surat tasdiqlamoqda. 

Bundan bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda  xizmat ko‘rsatgan artist Avazbek Olimov ishtirokidagi video tarqalgan edi. Unda xonanda to‘yda navbat bergan boshlovchini yoniga chaqirib, ismini Avaz emas, Avazbek deb e’lon qilinishi kerakligini aytgan va boshlovchini haqorat qilgan. Ayni vaqtda to‘yxonaga o‘rnatilgan ovoz kuchaytirgich ishlab turgani bois xonanda va boshlovchi o‘rtasidagi suhbat mehmonlarga ham eshitilgan. QALAMPIR.UZ ushbu holat ancha avval sodir bo‘lgani, qolaversa, bunda ikki kishi o‘rtasidagi o‘zaro suhbat aks etgani bois uni ommaga taqdim etishni to‘g‘ri deb bilmadi. Ammo, buning ortidan bong urgan OAVlar ham topildi. 

“O‘zbekkonsert” esa eskilik sarqiti bo‘lgan tushuntirish xati kabi byurokratik an’analarni chetga surmay, yana o‘sha yo‘lni tutdi. Madaniyat vazirligi tomonidan tarqatilgan xabarda shunday deyiladi: 

“Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Avazbek Olimov haqidagi videoga aniqlik kiritildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda "O‘zbekkonsert" DM san’atkor Avazbek Olimovdan tarqalgan video yuzasidan izoh so‘radi. Avazbek Olimov haqiqatan ham xunuk holat sodir bo‘lganini tan oldi. Yo‘l qo‘ygan xatosini inkor etmasdan, o‘z tushuntirish xatida bu holatlar boshqa takrorlanmasligi  va’da berdi.

 Avazbek Olimovga qayerda, qay holatda bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zini madaniyat sohasi vakiliga munosib tutishi lozimligi uqtirildi”, deyiladi xabarda.  

Vo ajab! “O‘zbekkonsert” kabi tashkilotlar bunday mayda masalalar bilan shug‘ullanmasdan, san’atkorlarni elakdan o‘tkazadigan tuzukroq ishlarni amalga oshirsa, shundoq ham madaniyatsiz san’atkor qolmaydi, tushuntirish xatlariga qog‘oz sarflanmaydi. Qiziq, "O‘zbekkonsert" butun boshli Ichki ishlar tizimini haqorat qilgan Yulduz Usmonovadan ham tushuntirish xati oldimikan? 


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekkontsert Alisher Jamoldinov Avazbek Olimov

Baholaganlar

706

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing