O‘zbekistonning YeOII a’zo bo‘lishi boshqalarning “cho‘ntagi”ga foydalimi?
Tahlil
−
08 aprel 2020
10479Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) mamlakatlari uchun O‘zbekiston salohiyatli bozor deb qaralmoqda. Ammo O‘zbekiston uchun ittifoqqa a’zo davlatlar buning aksi sifatida ko‘riladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Maxfirat Xushvaqtova ma’lum qildi.
Karantin sharoitida masofadan turib ishni tashkil etgan “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari bir qator qonun loyihalari qatori O‘zbekistonning YeOIIga ishtirok masalasini ham ko‘rib chiqqan. Onlayn muhokamada YeOIIga a’zo bo‘lishning ijobiy jihatlari ham yo‘q emasligi aytilgan. Bular, tashqi savdo aylanmasini oshishi, mahsulotlar, tarmoqlar, umuman, iqtisodiyotning raqobatbardoshligi oshishi, tashqi migratsiya kabi yo‘nalishlarda namoyon bo‘lishi qayd etilgan.
Biroq mazkur tashkilotga a’zolik ko‘pgina yo‘nalishlarda salbiy va muammoli jihatlarni ham keltirib chiqirishi mumkinligi aytilgan.
YeOII yagona bojxona tarifi qo‘llanilishi sababli respublikada va a’zo mamlakatlarda ishlab chiqarilmaydigan texnologik uskunalar va xomashyo importi talab etadigan yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish qiyinlashadi, ayrim hollarda butunlay to‘xtaydi. Vazirlar Mahkamasining tahlillariga ko‘ra, bu yerda gap neft-gaz, elektroenergetika, kimyo, oziq-ovqat va boshqa sohalardagi qiymati 63 mlrd AQSH dollariga teng 361 ta loyiha haqida ketmoqda. O‘zbekistonga YeOIIga a’zo mamlakatlar bilan chegaralar orqali uchinchi mamlakatlardan kontrabanda tovarlarning oqimi kuchayadi.
“Hozirda YeOII bozoriga kirish uchun mahsulotlar va xizmatlar uchun 48 ta texnik reglament mavjud. O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi. O‘zbekistondachi? O‘rganishlarga ko‘ra mamlakatimizda ularning atigi 5 tasigina amaliyotda qo‘llaniladi. 29 ta reglament umuman mavjud emas. 14 ta milliy reglament bilan Ittifoqning texnik reglamentlari o‘rtasida jiddiy tafovutlar mavjud. Bu raqamlar esa YeOII mamlakatlari biz uchun emas, ular uchun O‘zbekiston salohiyatli bozor sifatida ko‘rilmoqda.
Agar O‘zbekiston YeOIIga yumshatuvchi va o‘z shartlari bilan kirmas ekan, investitsiya faolligiga susayib, yalpi ichki mahsulot o‘sish suratlari, ishlab chiqarish hajmlari pasayadi.
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, YeOII va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarda iqtisodiy va boshqa yo‘nalishlardagi manfaatdorlik bo‘yicha tarozi pallasi teng ko‘rinishga yoki O‘zbekiston tomoniga og‘maguncha hamkorlik masalasida qat’iy qaror qabul qilishga hojat yo‘q deb hisoblayman”, deydi Maxfirat Xushvaqtova.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 aprel kuni Oliy Majlis Senatida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik istiqbollarini hamda ushbu xamkorlikning mamlakat milliy manfaatlariga ta’sirini chuqur va har tomonlama o‘rganish bo‘yicha maxsus Ishchi guruhi tuzilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi