Toshkentda go‘dakning qo‘li kesilgani yuzasidan SSVga deputatlik so‘rovi yuborildi

3-sahifa

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi deputati so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, aholi orasida turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat – Toshkent shahrida isitma bilan murojaat qilgan 2 oylik chaqaloqqa noto‘g‘ri muolaja qo‘llanilishi oqibatida qo‘lida gangrena rivojlanib, kesib tashlangani yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu haqda partiya matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, yuqoridagi holat Toshkent shahrida joylashgan 1-sonli shahar klinik shifoxonasida ro‘y bergan. Bundan tashqari, yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda shunga o‘xshash vaziyat, ya’ni Farg‘ona viloyatida chap oyog‘i kesilishi kerak bo‘lgan bemorning o‘ng oyog‘i kesib tashlangani yuzasidan ham xabarlar tarqalgan.

Ushbu holatlar yuzasidan Oliy majlis qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Mavluda Adhamjonova quyidagi savollar bilan Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovga so‘rov yuborgan:

  1. O‘zbekiston Respublikasi hududida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish holati, noto‘g‘ri tibbiy muolaja oqibatida inson salomatligiga zarar yetkazilishining oldini olish bo‘yicha qanday tizimli ishlar amalga oshirilmoqda?
  2. Vazirlik tomonidan barcha tibbiy  muassasalarda fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etishi ustidan nazoratini amalga oshirilishi holati qay darajada? Nima sababdan, inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirish darajasidagi holatlarga yo‘l qo‘yilmoqda?
  3. Davolash-profilaktika muassasalarida infeksiyalarning tarqalishini oldini olish va sanitariya qoidalariga rioya etish qay darajada amalga oshirilmoqda?
  4. Mazkur holat bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va kelajakda bu kabi holatlarni qaytarilmasligi yuzasidan qanday qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilmokda?

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga muvofiq, sizdan keltirilgan savollar yuzasidan asosli tushuntirish berishingizni hamda o‘z nuqtai nazaringizni bayon etishingizni so‘rayman”, deyiladi hujjatda.

Partiyaga ko‘ra, agar tibbiy xizmat ko‘rsatish jarayonida shu kabi xatoliklar tez-tez kuzatilib, inson hayoti va salomatligiga jiddiy zarar yetkazilayotgan bo‘lsa, bu tizimdagi nazoratning zaifligi va mas’ul shaxslarning o‘z vazifalariga befarqligidan dalolat beradi. Bunday vaziyatlarda mas’ul shaxslarni aniqlash, ularni javobgarlikka tortish va kelajakda bunday o‘ta ayanchli holatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish zarur.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu holatga munosabat bildirgandi. Unga ko‘ra, davolanish vaqtida qizaloqda “Chap tomonlama yelka arteriyasi tromboemboliyasi, chap qo‘l va chap qo‘l panjasida qon aylanishining 3-a darajali o‘tkir buzilishi, poliorgan yetishmovchiligi” kuzatilgan.

Shu bois bemor hayotini saqlab qolish maqsadida amputatsiya o‘tkazishga qaror qilingan va ota-onasining roziligi bilan unda jarrohlik aralashuvi amalga oshirilgan. Bildirilishicha, hozirda chaqaloqning ahvoli stabil holatda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent “Adolat” SDP Sog'liqni saqlash vazirli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing