O‘zbekistondagi uchta OTM xalqaro reytingdan joy oldi

Jamiyat

image

Joriy yilning 20 aprel kuni Times Higher Education xalqaro reyting agentligi tomonidan dunyo universitetlarining navbatdagi - Impact Rankings-2020 reytingi e’lon qilindi.

Mazkur nufuzli reytingda ilk bor O‘zbekistonning uchta oliy ta’lim muassasasi: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari insitituti, O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent tibbiyot akademiyasi kiritildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ushbu reyting mezonlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining 17 ta barqaror rivojlanish yo‘nalishlariga asosan tuzilgan bo‘lib, bu yilgi reytingda dunyoning 85 davlatidan 766 ta oliy ta’lim muassasalari e’tirof etilgan. Shuningdek, reytingda eng ko‘p qatnashgan davlatlar universitetlari orasida Yaponiyaning 63 ta, Rossiyaning 47 ta va Turkiyaning 37 ta universitetlari o‘rin egallagan.

Dunyoning kuchli universitetlari umumiy reytingida O‘zbekiston Milliy universiteti 5 ta yo‘nalishda quyidagi natijalarga erishdi: “Ta’lim sifati”- 401+; “Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash” - 101-200;  “Gender tengligi” - 401+; “Barqaror rivojlanish uchun global hamkorlik” - 601+;  “Kambag‘allikni bartaraf etish” - 201-300 o‘rinlarni qayd etib, umumiy reytingda 601+ o‘rinni egalladi.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari insitituti “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida - 201-300 o‘rin, “Yerdagi hayot” yo‘nalishida 201+o‘rinni egallab, dunyo universitetlari reytingida sohasi bo‘yicha 201+ o‘rinni qayd etdi.

Mazkur institut hozirda jahon universitetlari reytingini aniqlovchi eng nufuzli ikkita: Times Higher Eduducation (THE) va Quacquarelli Symonds (QS) reyting agentliklari tomonidan tan olingan yagona O‘zbekiston oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Avvalroq, 2019 yil 14-15 oktyabr kunlari Litvaning Kaunas shahrida QS agentligining “Rivojlanayotgan Yevropa va Markaziy Osiyo” (Emerging Europe and Central Asia – EECA) reytingida mamlakatimizda birinchi bo‘lib Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti mazkur reytingida 301+ o‘rinni qayd etgan.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ham dunyo universitetlari reytingidagi dastlabki natijaga erishdi. Mazkur reytingda Toshkent tibbiyot akademiyasi “Mustaxkam salomatlik va osoyishtalik” yo‘nalishi bo‘yicha dunyo universitetlarining umumiy reytingida 301+ o‘rinni qayd etdi. Bunda akademiyaning faoliyati sog‘liqni saqlash tashkilotlari (mahalliy yoki xalqaro) bilan hamkorliklari, sog‘liqni saqlash bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlari mavjudligi, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladigan dasturlar, bepul tibbiy yordam olish imkoniyatining mavjudligi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha tahlil qilingan.

Ma’lumot o‘rnida, dunyoda ta’lim sifatini baholovchi ko‘plab reyting tizimlari bo‘lib, ular ta’lim, madaniyat sport, sog‘liqni saqlash sohalariga qaratilgan yillik universitetlarning reytingini e’lon qilib boradi. Ulardan dunyo tan oladigan Times Higher Eduducation (THE), Quacquarelli Symonds (QS), Academic Ranking of World Universities (ARWU) Shanxay reyting kompaniyalari o‘zining nufuzi bilan dunyoga mashhur.


Maqola muallifi

Teglar

OTM reyting

Baholaganlar

127

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing