O‘zbekistonning to‘rt jamoasi OCHLda ishtirok etadi
Sport
−
23 avgust 2023
6534Kecha, 22 avgust kuni futbol bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasining (OCHL) saralash o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonning ikki klubi OKMK va “Navbahor” saralashda Qatar jamoalari bilan to‘qnash kelib, g‘alaba qozondi.
Har ikki o‘yinga Qatar mezbonlik qildi. Mirjalol Qosimov murabbiyligidagi Olmaliqning OKMK klubi “Al-Arabi” bilan bahs olib borib, kichik hisobda zafar quchdi. Yagona golni 70-daqiqada Olmaliqning ispaniyalik legioneri Ruben Sanches kiritdi.
Samvel Babayan boshchiligidagi Namanganning “Navbahor” klubi “Al Vakra” bilan to‘qnash keldi. O‘yindagi yagona gol qo‘shimcha bo‘limning birinchisida Doniyor Abdumannopov tomonidan kiritildi.
Shunday qilib, “Navbahor” va OKMK OCHLning 4-savatidan joy oldi. Bu jamoalardan tashqari “Paxtakor” va “Nasaf” musobaqada O‘zbekiston sharafini himoya qiladi. 24 avgust kuni Kuala-Lumpurda guruh bosqichiga qur’a tashlanadi.