O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket uchinchi oy ham kamaydi
Tahlil
−
08 iyul 2023
5399Markaziy bank O‘zbekistonning xalqaro valyuta zaxiralariga oid ma’lumotlarni yangiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari oxirgi 3 oyda 1,7 mlrd dollarga kamayib, bugungi kunda 33,72 mlrd dollarni tashkil qilmoqda.
Bu esa 1 iyul holatiga ko‘ra, zaxiralar yil boshidan buyon qayd etilgan eng minimum qiymatga tushganini anglatadi. Ya’ni zaxiralar o‘tgan oyga nisbatan deyarli 650 mln dollarga, so‘nggi 3 oyda esa 1,68 mlrd dollarga kamaygan.
Oltin-valyuta zaxiralari o‘zi nima?
Oltin-valyuta zaxiralari davlatning oltin va boshqa mamlakatlar valyutalaridagi rasmiy zaxirasidir. Ular davlatning yuqori likvidligi (qarzni qoplash uchun foydalaniladigan qimmatbaho narsalar) bilan ajralib turuvchi aktivlari bo‘lib, davlat g‘aznasi va markaziy banklari, zaxira tizimlari tomonidan nazorat qilinadi.
Oltin-valyuta zaxiralari:
• quyma oltin, tanga, platina, palladiy, kumush kabi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan;
• davlatlaro miqyosda zaxira valyutasi sifatida tan olingan xorijiy pul vositalaridan – AQSH dollari, yevro, shveysar franki, yapon iyenasi, funt-sterlingdan;
• Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) chiqaradigan naqdsiz pul birliklaridan tashkil topadi.
Oltin-valyuta zaxirasining mamlakat iqtisodiyotidagi o‘rni qanday?
Zaxiralar mamlakatning “xavfsizlik yostig‘i” hisoblanadi. Ular tashqi ta’sirlarga, favqulodda holatlarga, makroiqtisodiy xatarlarga qarshi va rivojlanish uchun moliyalashtirishda bufer sifatida zarur bo‘lib, zaxiralarning yetarliligi bevosita ushbu shoklarning xususiyatiga bog‘liq.
Mamlakatning oltin-valyuta zaxirasi esa ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni sotishdan kelib tushgan xorijiy valyuta aktivlari hisobiga ko‘payib boradi.
Ammo bu pul birliklari moddiy jihatdan mavjud bo‘lmaydi. Bu vositalar hukumatning maxsus hisoblarida yozilgan bo‘ladi va ulardan xalqaro qarzlarni uzishda, davlatlar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda va XVJ bilan o‘zaro aloqalarda foydalaniladi.
Ayniqsa, oltin-valyuta zaxirasining inflyatsiyani ushlab turishda, milliy valyutani moliya bozorida qo‘llab-quvvatlash uchun valyuta sotib olishdagi ahamiyati katta. Masalan, mamlakatda xorijiy valyutalarning kursi oshib ketsa, zaxira evaziga xorijiy valyutalar sotib olinadi va milliy valyutaning qiymati ushlab turilishi hisobiga inflyatsiyaning oldi olinadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda xorijiy valyutalarning kursi hamon ko‘tarilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan e’lon qilingan 10 iyul kuni amalda bo‘ladigan xorijiy valyutalarning o‘zbek so‘miga nisbatan qiymatiga ko‘ra, mamlakatda dollarning rasmiy kursi 17,03 so‘mga oshib, 11 570,09 so‘mni, yevro kursi 40,48 so‘mga ko‘tarilib, 12 589,41 so‘mni, Rossiya rubli esa 1,76 so‘mga balandlashib, 126,52 so‘mni tashkil etmoqda.
Oltin-valyuta zaxirasiga qo‘yilgan talablar qanday?
Oltin-valyuta zaxiralari qator talablarga javob bera olishi lozim. Bunda ulardan har qanday sohada foydalanish imkoniyati bo‘lishi kerak. Oltin-valyuta zaxiralari oson joylashtirilishi hamda oson qaytarib olinishi ham kerak.
Qolaversa, oltin-valyuta zaxiralari mamlakatning muomaladagi pul miqdoridan sezilarli darajada ko‘proq bo‘lishi kerak. Bu zaxiralar tashqi qarzlarni qaytarishga va xalqaro talab – uch oy davomida import mahsulotlarni olib kirishga yetishi lozim.
Shunday bo‘lsada, katta miqdordagi oltin-valyuta zaxiralariga ega bo‘lgan yirik davlatlar deyarli hech narsani xorijiy banklar hisob raqamlarida saqlamaydi. Ular pul vositalari mamlakat ichida bo‘lishini va ishlashini ma’qul ko‘radi.
Eng ko‘p oltin-valyuta zaxiralariga ega bo‘lgan davlatlar esa Jahon oltin tashkilotining (World Gold Counsil) 2023 yilgi reytinggiga ko‘ra, Xitoy, Yaponiya, Shveysariya, Yevropa Ittifoqi, Saudiya Arabistoni, Tayvan, Rossiya, Gongkong, Janubiy Koreya, Hindiston, Braziliya va Singapurdir. Ushbu ro‘yxatda O‘zbekiston o‘z oltin-valyuta zaxiralari bilan 66-o‘rinda turibdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston oltin sotish bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni olgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi