O‘zbekistondagi banklar eski dollarlarni rasmiy kursdan arzonga olyaptimi? (video)
Jamiyat
−
14 yanvar
6668Ijtimoiy tarmoqlarda bank kassalari 1996 yilda ishlab chiqarilgan dollarni rasmiy kursdan 5 dollar arzonga olayotgani aytilgan video tarqaldi. QALAMPIR.UZ holatga aniqlik kiritish maqsadida Markaziy bank matbuot kotibi Akmal Nazarov bilan bog‘landi.
Markaziy bankka kelib tushgan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, videodagi bank kassiri va mijoz o‘rtasidagi holat Andijon viloyatida sodir bo‘lgan. Mijozning bank vakilasiga taqdim qilgan dollar kupyurasi esa shikastlangan bo‘lgan. Dollarning shikastlangan holati esa video ijtimoiy tarmoqlarga kesib tarqatilgani bois ko‘rinmasdan qolgan. Uning ta’kidlashicha, shikastlangan chet el banknotalari rasmiy kursdan arzonroqqa olinadi va bu qonunda o‘z kuchini topgan. Bank so‘zlovchisining aytishicha, bunday shikast yetgan kupyuralar AQSHga yuboriladi va bu esa bevosita yo‘l xarajatlari demakdir. Shikastlangan yoki muomalaga yaroqsiz banknotalarni xorijiy emitent banklarda almashtirish jarayonida bank transport (yo‘l) xarajatlari, korrespondent bank yoki xorijiy bankning komissiyasini qoplash majburiyatiga ega.
Shu sababli, banklar tomonidan ushbu xarajatlarni qoplash maqsadida vositachilik haqi undiriladi.
Bildirilishicha, banklarda videoda aytilgandek holat bo‘lishi mumkin emas. Ayni paytda holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Aniqlik kiritilgach yana batafsil ma’lumot beriladi.
Shuningdek, Akmal Nazarov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hozirgi kunda respublika hududida eski namunadagi 100 AQSH dollari nominalidagi (2009 yilgacha emissiya qilingan) banknotlarni banklar tomonidan sotish va sotib olish bilan bog‘liq amaliyotlar hech qanday muammolarsiz amalga oshirilayotganligini ma’lum qildi. Shu bilan birga, birorta davlat hisob-kitoblarida eski namunadagi 100 AQSH dollari nominalidagi banknotlarning qonuniy to‘lov vositasi sifatidagi maqomi o‘zgarmagan.
Ma’lumot uchun, “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 19-moddasiga ko‘ra, mamlakat hududida rezidentlar va norezidentlar tomonidan chet el valyutasini sotib olish hamda sotish faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari orqali amalga oshiriladi. Banklararo valyuta bozorida chet el valyutasini sotib olish va sotish esa faqat O‘zbekiston Respublikasi banklari hamda Markaziy bank tomonidan amalga oshiriladi. “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida”gi qonunning 62-moddasiga muvofiq, banklar o‘z operatsiyalari bo‘yicha vositachilik haqini mustaqil belgilaydi.
Bundan tashqari, tegishli xorijiy davlatning emitent banki tomonidan e’lon qilingan sanadan keyin muomaladan chiqarilgan hamda banknota tugatilganligi, soxtaligi yoki namunaviyligini tasdiqlovchi shtamplar mavjud bo‘lgan banknotalar to‘lovga yaroqsiz deb e’tirof etiladi va bunday banknotalar bilan valyuta ayirboshlash operatsiyalari amalga oshirilmaydi. Tijorat banklari shikastlangan, lekin muomalaga yaroqli bo‘lgan banknotalarni ayirboshlash yoki shu turdagi shikastlanmagan banknotalarga almashtirish, maydalash, yiriklash hamda ular bilan konversiya operatsiyalarni amalga oshirishni rad etishi, muomalaga yaroqsiz banknotalarni inkassoga qabul qilishni rad etishi mumkin emas.
Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqli hisoblanadi:
- banknota tasvirini (shaklini) aniqlash imkonini beradigan darajada siyqalangan va ifloslangan bo‘lsa;
- banknota enining (bo‘yining) to‘rtdan bir qismidan oshmagan yopishtirilgan yirtiqlarga ega bo‘lsa;
- yopishtirib qo‘yilgan burchaklari yoki qismlari (1 sm2 dan oshmagan) bo‘lsa hamda yirtib olingan burchaklari yoki qismlar aniq ushbu banknotaga tegishli bo‘lsa;
- mayda dog‘lar, yozuvlar, shtamp izi (bunda yozuv yoki shtamp izi ikkitadan oshmagan bo‘lishi lozim) bo‘lganda hamda ular banknotaning haqiqiyligini aniqlashga xalaqit bermaydigan asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortig‘ini to‘sib qo‘ymagan bo‘lsa;
- banknotada diametri 1 mm dan oshmagan va ikkitadan ko‘p bo‘lmagan teshiklar bo‘lsa.
Quyidagi shikastlanish belgilari mavjud bo‘lgan banknotalar muomalaga yaroqsiz hisoblanadi:
- bo‘laklarga ajratilgan, shu jumladan yopishtirilgan bo‘lsa;
- dastlabki rangi o‘zgargan yoki rangi o‘chgan bo‘lsa;
- yongan yoki kuygan holatda bo‘lsa;
- asosiy belgilaridan birining 50 foizidan ortiq qismiga moy, bo‘yoq yoki siyoh to‘kilgan bo‘lsa;
- banknotada kimyoviy reaktivlar ta’siri bo‘lsa;
- muayyan darajada qasddan shikastlangan holda tasvir (surat, portret) o‘zgartirilganda, nominali o‘zgartirilgan, himoya ipchalari olib tashlangan, katta hajmdagi yozuvlar bo‘lsa;
- banknotlar aniq bosma xatoga ega bo‘lgan (suv belgisi yoki himoya ipchalarining yo‘qligi yoki noto‘g‘ri joylashganligi), tasvirlari to‘liq bosilmagan yoki surkalib ketgan bo‘lsa;
- banknotaning geometrik o‘lchami 3 mm dan ortiqqa o‘zgargan bo‘lsa.
LiveBarchasi
Samarqand shahrida metro quriladi.
14 yanvar
Dollar kursi pastladi.
14 yanvar