Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

Jamiyat

image

Markaziy bank boshqaruvi bugun, 20 martdagi yig‘ilishida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Markaziy bankning tegishli bayonoti e’lon qilindi.

“Markaziy bank boshqaruvi inflyatsion bosimlarning yuqori saqlanib qolishi, talabning barqaror o‘sib borishi va inflyatsion kutilmalarning kuchayishi fonida pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishga qaror qildi.

Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan”, deyiladi bayonotda.

Bildirilishicha, 2025 yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz o‘sish kuzatilib, fevral oyi yakunlari bo‘yicha yillik 10,1 foizni tashkil etgan. Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi hisobiga yuzaga kelgan. Xususan, yoqilg‘i narxlari, kommunal, transport, ta’lim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi ta’sir ko‘rsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik sub’ektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng bo‘lgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul o‘tkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, o‘z navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon bo‘lmoqda.

“Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi ta’sirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, o‘zining o‘rta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni ta’minlash pul-kredit sharoitlari qat’iylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi o‘rta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, pul-kredit sharoitlarining qat’iylashtirilishi umumiy talabning muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar ta’sirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning ma’lum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni bo‘yicha umumiy inflyatsiyaning 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.

“Markaziy bank o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini ta’minlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qat’iy shakllantirishni davom ettiradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qat’iyligi qayta ko‘rib chiqiladi”, deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank asosiy stavka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing