Markaziy bank 10 ta bankni jarimaga tortdi
3-sahifa
−
10 fevral
6550Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 10 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanildi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yilning yanvar oyidagi yig‘ilishlarida (9 marta) 44 ta masala ko‘rib chiqilgan va tegishli qarorlar qabul qilingan.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 36 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (7 ta), yangi ochilayotgan mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatdan o‘tkazish (11 ta), kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berish (2 ta), banklarda audit o‘tkazish huquqini berish uchun auditorlik malaka sertifikatini taqdim etish (1 ta), tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqish (14 ta) bilan bog‘liq masalalar ko‘rilgan.
Shu bilan birga, “Start kapital invest” kredit uyushmasining tugatish ishlari yakunlangani munosabati bilan ushbu kredit uyushmasi Kredit uyushmalarining davlat reyestridan chiqarilgan.
Bundan tashqari, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 8 ta masala – Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, tijorat banklari, mikromoliya tashkiloti va to‘lov tashkilotlarida o‘tkazilgan o‘rganish hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya qilinishi ham muhokama qilingan.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar, jumladan, Markaziy bankning ko‘rsatmalari va qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi uchun 1 ta to‘lov tizimi operatori chora va sanksiyalar qo‘llanilishi to‘g‘risida ogohlantirilgan.
Shuningdek, amaldagi qonunchilik, Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 10 ta bankka nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi