O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qariyb 600 mln dollarga ko‘paydi
Jamiyat
−
09 avgust 2379 1 daqiqa
O‘zbekistonning xalqaro zaxiralari joriy yilning iyul oyida 590 mln dollarga oshdi. 1 avgust holatiga mamlakatning rasmiy zaxira aktivlari 64,35 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 iyul holatida O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari 63,76 mlrd dollar bo‘lgan. Bir oy davomida ushbu ko‘rsatkich 589,8 mln dollarga oshgan.
Zaxiralarning valyuta qismi iyul oyida 208,8 mln dollarga ko‘payib, 7,65 mlrd dollarga yetgan. Shundan qimmatli qog‘ozlar portfeli 2,86 mlrd dollardan 1,76 mlrd dollarga kamaygan. Naqd valyuta va depozitlar hajmi esa 4,58 mlrd dollardan 5,89 mlrd dollarga oshgan.
Oltin zaxirasining qiymati ham 365,2 mln dollarga oshib, 56,12 mlrd dollarni tashkil etgan. Biroq oltinning sof fizik hajmi 13,9 mln troy unsiyadan 13,8 mln troy unsiyaga kamaygan.
Qayd etish joiz, iyul oyida zaxiralar hajmining oshishiga jahon bozorida oltin narxining ko‘tarilishi ham ta’sir qilgan. Xususan, oy davomida oltin narxining 4016,70 dollardan 4052,20 dollargacha oshishi zaxiralar qiymatining 490 mln dollarga ko‘payishiga sabab bo‘lgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlaridan tashqari xorijiy valyutadagi boshqa aktivlari ham iyul oyida 102,6 mln dollardan 196,3 mln dollargacha oshgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari qiymati 8,1 mlrd dollarga kamaygan edi.
Live
Barchasi