O‘zbekistonning Maldivdagi ilk elchisi tayinlandi
Olam
−
12 iyun 3638 2 daqiqa
O‘zbekistonning Maldiv Respublikasiga tayinlangan birinchi elchisi (qarorgohi Dehli shahrida joylashgan) Sardor Rustamboyev bugun, 12 iyun kuni ushbu mamlakat Prezidenti Muhammad Muizzuga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Tantanali marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Maldiv o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlarning hozirgi holati hamda kelajakdagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ijtimoiy-iqtisodiy hayotning turli yo‘nalishlarida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi.
Prezident Muhammad Muizzu Maldiv Respublikasi O‘zbekiston bilan BMT, IHT, boshqa xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida tomonlarni qiziqtirgan masalalar, jumladan, iqlim o‘zgarishi, barqaror rivojlanish va mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Alohida e’tibor turizm va oliy ta’lim yo‘nalishida sheriklikni rivojlantirishga qaratildi. Xususan, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida Maldiv Respublikasi talabalarini o‘qitish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni ochish, viza rejimini soddalashtirish va qo‘shma sayohat paketlarini ishlab chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishildi.
Shuningdek, tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflar tashkil qilish, tadbirkorlar va boshqa soha vakillari delegatsiyalarining almashinuvini yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr bildirdi.
Ma’lumot uchun, Sardor Rustamboyev 45 yoshda. Birmingem universiteti (Buyuk Britaniya), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, London universitetining (Buyuk Britaniya) Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabi, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan. Siyosiy fanlar nomzodi ilmiy darajasiga ega. Tashqi ishlar vazirligi tizimida 2000 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. U markaziy apparatda attashedan tortib bo‘lim boshlig‘igacha bo‘lgan turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi va Shanxay hamkorlik tashkiloti (Pekin sh., Xitoy) kotibiyatida ishlagan. 2018-2023 yillarda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasiga rahbarlik qilgan.
Sardor Rustamboyev 2020–2023 yillarda Dehlidagi elchixonaga rahbarlik qilgan. O‘zbekistonning yangi elchisi Sardor Rustamboyev Dehlida 2024 yil yanvar oyida o‘z faoliyatini boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Portugaliyaga yangi tayinlangan elchisi (qarorgohi Parij shahrida joylashgan) Nodir G‘aniyev ushbu mamlakat Prezidenti Marselu Rebelu de Souzaga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Live
Barchasi