O‘zbekistonning insonparvarlik yordami Afg‘onistonga yetkazildi
Jamiyat
−
23 dekabr 2021
7379Avvar xabar berganimizdek, O‘zbekistonning birodar afg‘on xalqiga navbatdagi insonparvarlik yordami ortilgan ezgulik poyezdi Termiz shahridagi "Ayritom" xalqaro chegara o‘tkazish punktida Afg‘onistonning Mozori Sharif shahriga jo‘natildi.
Ikki mamlakat xalqlari birdamligi, birligining yana bir ifodasi bo‘lgan ushbu insonparvarlik yordami 1000 tonna un, 60 tonna shakar, 200 tonna guruch, 10 ming dona yog‘, 26 ming 500 dona murabbo, 26 ming 200 dona sabzavot konservasi, 30 tonna pishiriq, 14 ming 200 dona bir martalik tayyor ovqat, 20 ming dona ayollar va erkaklar kiyimi, 15 ming dona erkaklar, ayollar va bolalar paypog‘i, shuningdek, ko‘mir yoqilg‘isidan tashkil topgan bo‘lib, u "Hayraton – Mozori Sharif" temir yo‘li orqali 63 ta vagondan iborat ezgulik poyezdida yetkazildi.
Shu munosabat bilan Mozori Sharif temir yo‘l stansiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mulla Sher Muhammad Abbos Stanikzay, Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza, Kunar viloyati gubernatori Mavlavi Qosim va boshqa rasmiylar ishtirokida insonparvarlik yordamini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida ham O‘zbekiston Afg‘onistonga 1300 tonna yordam yuborgandi.
LiveBarchasi