O‘zbekistonning ichimlik suvi zaxirasi hajmi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
04 dekabr 2020
11598O‘zbekistonda 97 ta yer konida 64 million kub metr umumiy suv zaxiralari mavjud. Bu haqda kecha, 3 dekabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat geologiya qo‘mitasi vakili Rasuljon Begmatov aytib o‘tdi.
Bu suv zaxiralari asosan Toshkent, Samarqand, Surxondaryo, Namangan Andijon va Farg‘ona viloyatlarida tarqalgan. Ammo Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida chuchuk suvlar deyarli mavjud emas. Buxoro va Navoiy viloyatlarida o‘rtacha suv zaxiralari bor. Eng katta muammo ham mamlakatdagi suv zaxiralarining teng tarqalmaganida.
Begmatovning aytishicha, tahlillar 2025 yilga borib yer yuzidagi davlatlarning yarmidan ko‘pida suv taqchilligi yuzaga kelishini ko‘rsatmoqda. 2050 yilda esa bu ko‘rsatkich dunyo aholisining 3/4 qismiga to‘g‘ri kelishi taxmin qilinmoqda.
“Dunyoda bo‘lgani kabi respublikamizda ham suv resurslari cheklangan. Chuchuk suv umumiy suv resurslarining 8 foizini, ichimlik suvlarining esa 67 foizini tashkil etadi.
Mamlakatda aholi ichimlik suvi ta’minoti uchun 2019 yilda 161,4 ming kub metr/sutka, ya’ni 950 ming kishiga yetarli miqdordagi chuchuk suv zaxirasi tasdiqlangan. 2020 yilda 193 ming kub metr/sutka, ya’ni 1 mln 140 ming kishiga yetarli suv zaxiralari tasdiqlanishi kutilmoqda.
Bugungi kunda aholi jon boshiga suvdan foydalanish me’yori sutkasiga 115-240 litr bo‘lib, bu dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past hisoblanadi. Misol uchun, Birlashgan Arab Amirliklarida kuniga 700, Rossiyada 400, AQSHda 200, Germaniyada esa 130 litr suv sutkalik normani tashkil qiladi”, deydi qo‘mita rasmiysi.
Ichimlik suvi tanqisligi bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaqin yillarda oshib borishi taxmin qilinayotgani aytib o‘tildi.
Negaki, Yer sharining uchdan ikki qismi suvliklardan iborat. Buning 97 foizi sho‘r suv, 3 foizi chuchuk suvdir. Shuning ham 2 foizi muzliklardagi suvlar hisoblanadi.
LiveBarchasi