O‘zbekistonning elektr va gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlari ortyapti

Jamiyat

image

Joriy yilning yarmida O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar ortdi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, kelgusi o‘n yilda energetika infratuzilmasi uchun 8 milliard dollar talab etiladi.

Shu bilan birga, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayapti. Olti oyda elektr energiyasi yo‘qotishi 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan.

Gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar 7,6 foizga, ya’ni 797 million kub metrga yetgani aytilgan. Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5-2 barobar pastligi qayd etilgan.

“Franklin Templeton” tahlillariga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” bozor qiymatini 2 barobarga oshirish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Prezident joriy yilning aprel oyida elektr yo‘qotishi 20 foizdan ko‘p bo‘lgan 44 ta tumanda xulosa qilmagan mas’ul rahbarlarni ishdan olishni topshirgandi. Keyinroq, ushbu topshiriq ortidan 44 ta tumanda “elektroset” rahbari ishdan haydaldi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing