O‘zbekistonning Efiopiyadagi birinchi elchisi tayinlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Efiopiyadagi elchisi (qarorgohi Doha shahrida) Ashraf Xo‘jayev Efiopiya Federativ Demokratik Respublikasi Prezidenti Taye Aske-Selassiye Amdega ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, marosim doirasida bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashilgan. Efiopiya Prezidenti O‘zbekistonning mamlakatdagi elchisi tayinlanganini mamnuniyat bilan qarshi olgan. U ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanishi va amaliy hamkorlikning yanada kengayishiga ishonch bildirgan.

O‘zbekiston elchisi o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyevning eng ezgu tilaklari va samimiy salomini yetkazgan hamda o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidlagan.

Efiopiya yetakchisi O‘zbekiston Prezidentiga ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yayotgani uchun minnatdorlik bildirgan va o‘zining ezgu tilaklarini yo‘llagan.

Ma’lumot uchun, Ashraf Xo‘jayev 2024 yil fevralidan buyon O‘zbekistonning Qatardagi elchisi hisoblanadi. U 2025 yil oktyabridan e’tiboran o‘rindoshlik asosida O‘zbekistonning Janubiy Afrika Respublikasidagi elchisi sifatida ham akkreditatsiyadan o‘tgan.

O‘zbekiston va Efiopiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar 1996 yil 15 iyulda o‘rnatilgan. Efiopiya Sharqiy Afrikada joylashgan qadimiy davlat. Poytaxti va eng yirik shahri – Addis-Abeba. U tarixan mustamlaka bo‘lmagan kam sonli Afrika davlatlaridan biri hisoblanadi.Hududi: 1,1 million km kvadratdan ortiq. Aholisi: 115 million kishidan ziyod.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) Mansurbek Qilichev Jazoir Tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing