O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi tayinlandi
Jamiyat
−
05 may 1321 2 daqiqa
Bugun, 5 may kuni O‘zbekistonning Jazoirdagi birinchi elchisi (qarorgohi Qohira shahrida) Mansurbek Qilichev Jazoir Tashqi ishlar, xorijdagi vatandoshlar va Afrika ishlari vaziri Ahmad Attafga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilingan. Vazir Ahmad Attaf Jazoir va O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy aloqalarni yuqori baholab, savdo-iqtisodiy va boshqa sohalardagi munosabatlarni chuqurlashtirish muhimligiga e’tibor qaratgan.
Iqtisodiy hamkorlik masalalariga to‘xtalar ekan, Ahmad Attaf hozirgi vaqtda o‘zaro savdo hajmi tomonlar salohiyatidan ancha past ekanini qayd etib, tog‘-kon sanoati va geologiya, farmatsevtika hamda to‘qimachilik sanoati kabi tarmoqlarda imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlagan. Vazir aholisi 50 million kishilik Jazoirda O‘zbekiston to‘qimachilik kompaniyalari mahsulotlari ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yib, keyinchalik ularni ulkan Afrika qit’asiga bojsiz eksport qilish imkoniyati borligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, u mamlakat iqtisodiy zonalarida savdo uylari, omborxonalar va ko‘rgazma zallarini (shou-rumlar) tashkil etish, ishbilarmonlar kengashini shakllantirish hamda hukumatlararo komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yishni taklif etgan. Ta’lim, tibbiyot va parlamentlararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni kengaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratilgan.
Vazir Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar, shuningdek, mamlakatning izchil taraqqiyotidan yaxshi xabardor ekanini bildirgan. Suhbat yakunida Ahmad Attaf O‘zbekiston TIV rahbarining Jazoirga tashrifini intiqlik bilan kutayotganini qayd etgan. Bundan tashqari, u O‘zbekiston elchisining Jazoirdagi faoliyatini samarali yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish va amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Ma’lumot uchun, Mansurbek Qilichev 47 yoshda bo‘lib, Toshkent davlat sharqshunoslik universitetini tamomlagan. U 2002 yildan buyon O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tizimida ishlab, turli diplomatik lavozimlarda, jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida, shuningdek, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalarida – Saudiya Arabistonidagi elchixonasi va Dubaydagi Bosh konsulxonasida faoliyat yuritgan. Mansurbek Qilichev 2021 yil oktyabr oyidan buyon O‘zbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vellington shahridagi “Government House” qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov Yangi Zelandiyada o‘rindoshlik asosidagi elchi sifatida ushbu davlat general-gubernatori Dame Sindi Kiroga ishonch yorliqlarini topshirgandi.
Live
Barchasi