O‘zbekistonning davlat qarzi qanchaligi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
30 avgust 2019
10653Joriy yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning davlat qarzi 18,48 mlrd dollarni tashkil etdi. Shundan 13,1 mlrd dollari tashqi qarz bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 23,5 foiziga teng. Bu haqda Moliya vazirligi vakili “Davlat qarzini samarali boshqarish” mavzusida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Umumiy qarzning 5,37 mlrd dollari yoki 29 foizi ichki qarzlar hisoblanadi. O‘z navbatida Hukumat ichki qarzning 97 foizini kafolatlagan, 3 foizini o‘z nomidan jalb qilgan.
Davlat qarzining 5 foizi yoki 1 mlrd dollari xalqaro obligatsiyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. 1 mlrd dollarning 50 foizi ya’ni, 500 mln dollarining o‘tash muddati 5 yil va qolgan yarmining o‘tash muddati 10 yil.
Davlat qarzining 66 foizi kreditor mamlakatlar va xalqaro moliyaviy tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekistonning kreditor mamlakatlardan 6,06 mlrd dollar qarzi bor. Uning 45 foizi Xitoy, 29 foizi Yaponiya, 5 foizi Germaniya va 21 foizi boshqa davlatlardan olingan mablag‘lar hisoblanadi.
O‘zbekistonning xalqaro moliyaviy tashkilotlardan qarzi 6,06 mlrd dollarga yoki umumiy qarzning 33 foiziga teng. 6,06 mlrd dollarning 54 foizini Osiyo taraqqiyot banki, 34 foizini Jahon banki va 12 foizini Islom taraqqiyot banki ajratgan imtiyozli kreditlar tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston davlat qarzining 60,1 foizi dollardagi, 13,5 foizi yapon iyenasi, 10,9 foizi maxsus qarzdorlik huquqi, 5,3 foizi yevrodagi qarzlar va 10,2 foizi boshqa valyutadagi qarzlar hisoblanadi.
LiveBarchasi