AQSH BMTga qarzining 725 million dollarini to‘lamoqchi
Olam
−
10:12 550 2 daqiqa
AQSH ma’muriyati BMTga 725 million dollar ajratish niyatida ekanini Kongressga ma’lum qildi. Bu haqda kecha, 21 avgust kuni “Reuters” xabar berdi.
AQSH Davlat departamentining joriy yil 4 avgustda Kongressga yuborgan xatida qayd etilishicha, mablag‘ BMTning muntazam byudjetiga yo‘naltiriladi. Biroq AQSH rasmiylari to‘lovlar tashkilotda islohotlar davom etishi sharti bilan amalga oshirilishini bildirgan.
Tramp ma’muriyati BMT faoliyatini tanqid qilib, uning bir qator dasturlarini moliyalashtirishni qisqartirgan. Vashington tashkilotda xarajatlarni kamaytirish va Xitoy ta’sirini cheklash kabi o‘zgarishlarni talab qilmoqda.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish joriy yilda a’zo davlatlarning to‘lovlarni amalga oshirmayotgani sababli tashkilot “yaqinlashib kelayotgan moliyaviy inqiroz”ga duch kelayotganidan ogohlantirgan. Tashkilot shu munosabat bilan xarajatlarni sezilarli darajada qisqartirishga majbur bo‘lgan.
Agentlikka ko‘ra, AQSHning 725 million dollarlik to‘lovi BMTning Vashingtondan talab qilayotgan qarzining 20 foiziga ham yetmaydi. BMT may oyida AQSHning tashkilot oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshganini ma’lum qilgan, Vashington esa bu hisob-kitobni bahsli deb hisoblaydi va ayrim to‘lovlar amalga oshirilganini bildirgan.
Sobiq BMT xodimi Yudjin Chenning aytishicha, bunday mablag‘ tashkilot xodimlariga ma’lum muddat maosh to‘lashga yordam beradi, ammo barcha xarajatlarni qoplamasligi mumkin. Uning fikricha, AQSHning yana to‘lov qilmasligi BMTning moliyaviy ahvolini yanada og‘irlashtiradi.
Germaniyaning IDOS instituti BMT moliyasi bo‘yicha eksperti Ronni Pats ham katta miqdordagi to‘lov tashkilotga yilni o‘tkazib olish imkonini berishi, ammo zaxira mablag‘lari hali ham juda kamligicha qolishini ta’kidlagan.
BMT Nizomining 19-moddasiga ko‘ra, a’zo davlat 2 yillik badal miqdoridan ortiq qarzdor bo‘lsa, Bosh Assambleyada ovoz berish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Shu sababli AQSHning to‘lovi Vashingtonning kelasi yil yanvar oyida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lish xavfini kamaytirishi mumkin.
AQSH BMT byudjetiga eng katta hissa qo‘shuvchi davlat hisoblanadi. Biroq Tramp ma’muriyati majburiy to‘lovlarni amalga oshirishni qisqartirgan va BMTning qator agentliklariga ixtiyoriy moliyalashtirishni ham keskin kamaytirgan.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 18 avgust holatida 193 a’zo davlatdan 129 tasi 2026 yil uchun badallarini to‘liq to‘lagan. Ular orasida Vashingtondan keyin BMTning ikkinchi yirik moliyalashtiruvchisi bo‘lgan Xitoy ham yo‘q.
BMT 2026 yil byudjeti 9,2 foizga qisqartirilgan. Moliyaviy inqiroz sharoitida tashkilot “UN80” deb nomlangan islohot va xarajatlarni kamaytirish dasturini amalga oshirmoqda, jumladan Jeneva va Nyu-York kabi qimmat shaharlardagi 2 mingdan ortiq ish o‘rni arzonroq markazlarga ko‘chirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning davlat qarzi 40 trillion dollardan oshib, tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga yetgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi