O‘zbekistonning har bir tumanidagi ikki maktabda Oqdaryo tajribasi joriy etiladi
Jamiyat
−
28 avgust 2023
8035O‘zbekistonning har bir tumanidagi kamida ikkitadan maktabda Oqdaryo tajribasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib sharoit yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida topshiriq berdi.
Xo‘sh, davlat rahbari aytayotgan Oqdaryo tajribasi nima?
Oqdaryodagi 32-maktabda tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni kasbga o‘qitish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu maktabda o‘quvchilar 7-sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi 15 ta kasb-hunarga o‘rgatilmoqda, ularga 2 ta chet tili o‘qitilmoqda.
Bu ishlar mahalliy byudjet va tadbirkorlar hisobidan tashkil qilingan bo‘lib, o‘quvchilar bu yerda ish haqi olmoqda.
Yig‘ilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev barcha viloyatlar maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari Oqdaryoga borib, bir hafta davomida ushbu tajribani o‘rganishi shartligini bildirdi.
Samarqand viloyati hokimiga keyingi o‘quv yiliga qadar viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda bu tizimni joriy qilish, qolgan viloyat hokimlariga yil yakunigacha har bir tumanda kamida ikkitadan maktabda ushbu tajribani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yig‘ilishda aytilishicha, bu yil 387 ming nafar o‘quvchi maktabni tamomlab, 138 mingtasi oliygohlarga o‘qishga kirgan, yana 54 mingtasi professional ta’lim bilan qamrab olinadi.
“Qolgan 195 ming nafar yoshlar qayerga borishi, ular ertaga ish topa olmasa, kim bo‘lishi haqidagi savollarga na viloyat va tuman hokimlari, na soha mutasaddilarida javob yo‘q”, deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi