O‘zbekistonliklarga soxta hujjatlar bilan Rossiya fuqaroligini olishga yordam berganlar qo‘lga olindi

Olam

image

Moskvada Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolariga soxta hujjatlar asosida Rossiya fuqaroligini olishga yordam bergan jinoiy guruh qo‘lga olindi. Bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi xabar berdi.

Bildirilishicha, gumonlanuvchilar 2023 yilda davlat organlari faoliyatini tushunadigan va Rossiya Federatsiyasi fuqaroligini berish bo‘yicha qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar bilan aloqalarga ega bo‘lib, ko‘plab jinoyatlar sodir etish va shaxsiy boylik orttirish maqsadida jinoiy guruh tuzgan.

“Hamkorlar” Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolari orasidan Rossiya fuqaroligini qonuniy asoslar bo‘lmasdan olishni istagan shaxslarni topgan. Keyin, ular 150-350 ming rubl evaziga Ukraina fuqaroligini tasdiqlovchi soxta plastik pasportlar va Donetsk hududida ro‘yxatdan o‘tganlik to‘g‘risidagi soxta ma’lumotnomalarni tayyorlab bergan. Bu xorijiy fuqarolarga soddalashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligini olish imkonini bergan.

Qayd etilishicha, jinoyat ishi doirasida Moskva, Donetsk, Rostov-Don va Tulada 30 ta tintuv o‘tkazilib, davlat organlari va muassasalariga tegishli bo‘lgan ko‘plab shtamplar, muhrlar va blankalar, shu jumladan, chet davlatining blankalari musodara qilingan.

“Jinoiy guruhning 9 nafar tashkilotchisi qo‘lga olingan. Ular bilan zarur tergov harakatlari olib borilmoqda, ularga ayblov e’lon qilingan”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, noqonuniy ravishda Rossiya fuqaroligini olgan shaxslar tergov harakatlarini o‘tkazish uchun yetkazilgan. Tergov fuqarolikdan mahrum qilish va ularni deportatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqadi.

Rossiya Tergov qo‘mitasining Moskva bo‘yicha Bosh tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksi 322.1-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlariga muvofiq (qonunga xilof migratsiyani tashkil qilish) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati Davlat Dumasiga migratsiya sohasida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etganlik, shu jumladan migratsiya organlarida soxta ro‘yxatga olish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etishi xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston soxta hujjat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing