O‘zbekistonliklarga xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish osonlashadi
Jamiyat
−
20 iyun 2738 2 daqiqa
O‘zbekistonliklar uchun xorijiy kompaniyalar aksiyalarini sotib olish osonlashmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining joriy yil 2 iyun kuni qabul qilingan va 15 iyun kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, bir kalendar yil davomida jismoniy shaxslar tomonidan 10 000 AQSH dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etishga ruxsat beriladi.
Bunda jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasida investitsiya vositachilarining hisobvaraqlarini to‘ldirish imkoniyati bilan chet eldagi brokerlik yoki investitsiya hisobvaraqlarini to‘ldirish uchun pul mablag‘larini o‘tkazish Prezidentning 2025 yil 18 dekabrdagi “Kapital bozorida investitsiya muhitini yaxshilashga doir qo‘shimcha choratadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq faqat tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan investitsiya vositachilari ishtirokida amalga oshiriladi.
Shuningdek, bir kalendar yil davomida ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari tomonidan 100 000 AQSH dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar tomonidan 200 000 AQSH dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish – chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish yoki ulushli ishtirok etish, chet elda filiallar, vakolatxonalar va savdo uylari faoliyatini tashkil etishga ruxsat etiladi.
Shu bilan birga, endi bir kalendar yil davomida ustav kapitalida davlat ulushi mavjud korxonalar va ularning shu’ba tashkilotlari tomonidan 50 000 AQSH dollari, davlat ulushi mavjud bo‘lmagan korxonalar tomonidan 100 000 AQSH dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lmagan summada chet eldagi o‘z filiallari va vakolatxonalarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish mumkin.
Hujjatga ko‘ra, rezidentlar xorijdagi investitsiya faoliyati bo‘yicha ma’lumotlarni har chorakda xizmat ko‘rsatuvchi bankka taqdim etishi shart. Ma’lumotlar o‘z vaqtida berilmagan taqdirda bunday operatsiyalar vaqtincha to‘xtatib turilishi mumkin.
Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Live
Barchasi