O‘zbekistonliklar Sankt-Peterburgda YPX xodimini do‘pposladi
Jamiyat
−
18 Sentabr 2019
4228Joriy yilning 9 sentyabr kuni Sankt-Peterburgda o‘zbekistonliklar yo‘l parul xizmati xodimini do‘pposladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Sankt-Peterburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.
Huquqni muhofaza qilish organlari bergan xabarga ko‘ra, politsiya tomonidan to‘xtatilgan avtomobil haydovchisi va ikki yo‘lovchisi politsiya xodimining qonuniy talablarini bajarishmagan va unga tan jarohatlari yetkazishgan. Haydovchi va bir yo‘lovchi qo‘lga olindi. Uchinchi ishtirokchini qidirib topish va qo‘lga olish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda. Holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Bosh konsulxona tomonidan mazkur vaziyat nazoratga olingan va Sankt-Peterburg shahrining tergov organlari bilan ishchi aloqalar o‘rnatilgan, deyiladi TIV xabarida.
Konsullik-huquqiy departamenti eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida joylashgan O‘zbekiston fuqarolari zarur vaziyatlarda mamlakat Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-965-029-41-49.