O‘zbekistonliklar Rossiyaga kiritilmayaptimi? Rasmiy izoh berildi
Jamiyat
−
03 may
46253Oldinroq rossiyalik chegarachilar aeroportlar va boshqa o‘tkazish punktlarida nafaqat tojikistonliklar, balki O‘zbekiston va Qirg‘izistondan borayotgan muhojirlarning ham mamlakatga kirishini taqiqlayotgani haqida xabar berilgandi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi mazkur holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Bildirilishicha, Tashqi mehnat migratsiya agentligining Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan mazkur holatni o‘rganish maqsadida Moskva shahridagi “Vnukova”, “Sheremetevo”, “Domodedova” aeroportlarining mas’ul xodimlari bilan bog‘lanilib holatga aniqlik kiritilganda, Moskva shahridagi mazkur aeroportlarda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududiga qo‘yilmayotgani yoki uzoq vaqt davomida ushlab turish holatlari kuzatilmayotgani aniqlangan.
“Bundan tashqari, avtomashinalar orqali Rossiya Federatsiyasiga kirib kelinadigan Orenburg, Samara, Saratov viloyatlaridagi “Ozinki”, “Mashtakovo”, “Sagarchin” bojxona chegara postlaridagi holatlar ham o‘rganilganda, ushbu chegara postlari doimiy ish tartibida ishlayotganligi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari biron-bir to‘siqlarsiz Rossiya Federatsiyasi hududiga kirayotganligi ma’lum bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi to‘rt kun ichida Moskvaning Vnukovo xalqaro aeroportidan 643 nafar Tojikiston fuqarosi deportatsiya qilingandi. Huquq himoyachisi Valentina Chupik 1 mayga kelib Rossiya aeroportlarida 4500 ga yaqin odam to‘plangani va xuddi shuncha odam yerusti nazorat punktlari orqali kiritilmaganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaga kiritilmasdan ushlab turilganlarning to‘rtdan bir qismini Tojikiston fuqarolari, undan ikki hissa ko‘prog‘ini esa O‘zbekistondan kelgan muhojirlar tashkil etadi.
LiveBarchasi