O‘zbekistonliklar Rossiya fuqaroligini olish bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirdi
Jamiyat
−
06 may 2023
11171Joriy yilning dastlabki uch oyida 4,7 ming o‘zbekistonlik Rossiya fuqaroligini oldi. Bu haqda TASS agentligi xabar berdi.
Rossiya ichki ishlar vazirligining 2023 yil yanvar-mart oylari oralig‘idagi migratsiya holati to‘g‘risidagi statistikasiga ko‘ra, Federatsiya fuqaroligini asosan Tojikistondan kelgan aholi olgan.
“2023 yil yanvar-mart oylarida Rossiya Federatsiyasining fuqaroligini olish to‘g‘risida qaror qabul qilingan shaxslar soni 106 320 tani tashkil etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 35 mingga kam. Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davrida 141 663 nafar chet ellik Rossiya fuqaroligini olgan”, deyiladi xabarda.
Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning uch oyida Tojikiston fuqarolari tomonidan Rossiya fuqaroligini olish to‘g‘risida 44,9 ming qaror qabul qilingan. Ushbu ko‘rsatkich ushbu davrda eng yuqori ko‘rsatkichga aylangan. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda Ukraina (22 ming) va Armaniston (8,9 ming) fuqarolari. Shuningdek, o‘nlikka Qozog‘iston (6,9 ming), Qirg‘iziston (5,4 ming), O‘zbekiston (4,7 ming) Ozarbayjon (3,7 ming), Moldova (3,1 ming), Belarus (2,4 ming) va Turkmaniston (912 kishi) fuqarolari kirgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Maksim Reshetnikov Toshkentda o‘tkazilgan ikkinchi Xalqaro investitsiya forumida Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari soni yetti yilda to‘rt baravar oshganini aytgan edi. Biroq keyinchalik O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Reshetnikovning gaplari asosga ega emasligini, raqamlar oshirib ko‘rsatilganini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi