O‘zbekistonliklar Qurbon hayitida necha kun dam oladi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonliklar Qurbon hayiti munosabati bilan 6 iyun, juma kuni va 7 iyun, shanba kuni dam oladi. Bu haqda Prezidentning “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, 2025 yilda muborak Qurbon hayitining birinchi kuni 6 iyun – juma kuniga to‘g‘ri kelishi to‘g‘risida O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinib, mamlakatda 6 iyun Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Aholining Qurbon hayiti bayramini munosib o‘tkazishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2025 yil 7 iyun (shanba) kuni olti kunlik ish haftasi tartibi bo‘yicha ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni etib belgilanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Qurbon hayitini xalqimizning milliy an’ana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Turizm qo‘mitasi Transport vazirligi bilan birgalikda yurtdoshlarimiz uchun Qurbon hayiti kunlarida mo‘’tabar ziyoratgohlar va tarixiy qadamjolarga ziyoratlarni tashkil etish maqsadida qulay sharoit va imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Qurbon hayitini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etiladi.

Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov zimmasiga yuklanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hududida Qurbon hayiti 6 iyun kuni nishonlanishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qurbon hayiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing