Prezident O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi
Olam
−
26 may 591 3 daqiqa
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat aholisini Qurbon hayiti bilan tabrikladi. Prezident tabrigi uning matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.
“Siz, azizlarni, yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlar, butun xalqimizni bugungi ulug‘ ayyom – muborak Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Tinchlik, mehr-oqibat va saxovat bayrami – Iyd al-Adha muqaddas dinimiz mohiyatida mujassam bo‘lgan ezgu g‘oya va amallarni yaqqol ifoda etgan holda, hozirgi kunda mamlakatimizda insonparvarlik ruhida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarimizning ma’no-mazmuniga uyg‘un va hamohang ekani bilan barchamiz uchun yanada aziz va qadrli bo‘lib bormoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, ko‘pmillatli yurtimizda osoyishtalik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yordamga muhtoj insonlar, muhtaram nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mahalla va xonadonlarni obod qilishga qaratilgan ishlarimizda Qurbon hayitining ezgu an’analari kuch-g‘ayrat va ilhom manbai bo‘lib xizmat qilayotganini ta’kidlash lozim”, deyiladi Prezident tabrigida.
Qayd etilishicha, keyingi yillarda O‘zbekistonning qadimiy tarixi va boy madaniy qadriyatlarini, buyuk alloma va mutafakkirlarning ilmiy-ma’rifiy merosini, islom dinining asl mohiyatini o‘rganish va targ‘ib etish borasidagi ishlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Buni yaqinda O‘zbekiston xalqi va mehmonlari uchun o‘z eshiklarini ochgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi, Marg‘ilon shahridagi Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasi kabi Yangi O‘zbekiston mo‘’jizalari bo‘lgan noyob obidalar misolida yaqqol ko‘rish mumkin.
“Hech shubhasiz, bularning barchasi Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi muhim tarixiy qadamlar bo‘lib, ular bizni yanada katta safarbarlik bilan harakat qilishga da’vat etadi.
Yurtimizda diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar tufayli ushbu munavvar kunlarda 15 mingdan ziyod vatandoshlarimiz muqaddas haj amallarini ado etmoqda. Bu yil tariximizda ilk marta “Prezident hojilari” dasturi joriy etilganidan xabaringiz bor. Ushbu dasturga muvofiq, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz – ulamolar, nuroniylar, mahalla faxriylari hamda ularning oila a’zolari muborak haj safariga borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident mana shu saodatli onlarda barcha hojilarni Qurbon hayiti bilan qutlab, ibodatlari qabul bo‘lishini Alloh taolodan so‘ragan.
“Muqaddas ziyoratdan qaytib keladigan bu hurmatli yurtdoshlarimiz ezgulik va ma’rifat targ‘ibotchilari sifatida oila va mahallalarimizda, butun jamiyatimizda olib boriladigan ma’naviy-tarbiyaviy ishlarda faol ishtirok etadilar, deb umid qilamiz.
Fursatdan foydalanib, dunyoning turli mamlakatlaridagi musulmon do‘stlarimiz va hamkorlarimizga ham qizg‘in qutlovlarimizni yo‘llab, ularga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz”, deydi Prezident.
Shuningdek, Prezident bayram kunlarida ham el xizmatida, vatan sarhadlarida o‘z vazifasini mas’uliyat bilan ado etayotganlarga alohida minnatdorlik bildirgan.
“Chet ellarda tahsil olayotgan va ishlayotgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularning barchasiga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz.
El-yurtimizni shunday qutlug‘ ayyomga tinchlik-omonlikda va hamjihatlikda yetkazgani uchun Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ilohim, Yaratgan parvardigor el-yurtimizni o‘z panohida asrasin!
Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!”, deydi Shavkat Mirziyoyev
Live
Barchasi