O‘zbekistonliklar qaysi vaksinaga ko‘proq ishonch bildiryapti? (so‘rovnoma)

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanish masalasi ommaviy axborot vositalarida kun tartibiga chiqqan. Jumladan QALAMPIR.UZ’ga ham bu borada o‘quvchilar tomonidan ko‘plab savollar kelib tushmoqda. Shuningdek, vaksina olish borasida ikkilanayotganlar ham talaygina. 

QALAMPIR.UZ mamlakatda kechayotgan jarayonni inobatga olgan holda, aholi o‘rtasida emlanish borasida Instagram va Telegram’dagi foydalanuvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi. 

Siz qaysi vaksinani tanlaysiz, degan savol bilan murojaat qilingan so‘rovnomada 26 mingdan ziyod Instagram foydalanuvchisi va 23 mingga yaqin Telegram akkauntlari egalari qatnashdi. 

So‘rovnomada Rus vaksinasi (Sputnik V), Xitoy-O‘zbek (ZF-UZ-VAC2001), Britan-Shved vaksinasi (Astra Zeneca), shuningdek, vaksina olish niyatim yo‘q, degan javob variantlari qo‘yilgan edi. 

Instagram orqali ovoz berish natijalari: 

8681 kishi yoki respondentlarning 33 foizi Rossiyada ishlab chiqarilgan “Sputnik V” vaksinasini yoqlab ovoz bergan. 2797 kishi yoki ovoz beruvchilarning 10 foizdan ko‘prog‘i o‘zbek-xitoy vaksinasi ZF-UZ-VAC2001 ni tanlagan. 1911 kishi yoki so‘rovnomada qatnashganlarning 7 foizi Astra Zeneca vaksinasiga ishonch bildirgan. Shuningdek, 12 ming 618 kishi yoki qatnashuvchilarning 48 foizi koronavirusga qarshi vaksina olishni istamasligini ifoda etgan. 

Telegram orqali ovoz berish natijalari: 

So‘rovnomada qatnashgan 22 ming 963 foydalanuvchidan 9705 nafari yoki 42 foizi “Sputnik V” vaksinasini tanlagan. 3516 kishi yoki so‘rovnoma ishtirokchilarining 15 foizi o‘zbek-xitoy vaksinasi – ZF-UZ-VAC2001 ni tanlagan. Astra Zeneca vaksinasini yoqlab ovoz berganlar esa bor-yo‘g‘i 983 kishini yoki ovoz beruvchilarning 4 foizini tashkil etmoqda. Shuningdek, 8883 ta foydalanuvchi yoki respondentlarning 39 foizi “vaksina olishni istamayman” degan javobni tanlagan. 

Ma’lumot uchun, ayni vaqtda O‘zbekistonda koronavirusga qarshi 5,1 million doza vaksina ishlatilgan. Shu kungacha to‘liq emlangan fuqarolar 938 529 nafarni tashkil qilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina So'rovnoma

Baholaganlar

338

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing