O‘zbekistonliklar isroillik ravvinni o‘ldirganlikda gumon qilinmoqda
Olam
−
25 noyabr
15722Isroil va Moldova davlatlari fuqarosi, Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ibotini olib boruvchi ravvin Svi Koganning o‘limida O‘zbekiston fuqarolari gumon qilinmoqda. Bu haqda “The Times of Israel” xabar berdi.
Isroil rasmiylariga ko‘ra, Koganni o‘ldirish uchun bir guruh o‘zbekistonliklar ravvinga hujum qilgan. Ular Eron tomonidan yollangan. Voqeadan so‘ngra ular Turkiyaga qochgan.
Bosh vazir Binyamin Netanyaxu qotillarni qo‘lga olishga va’da bergan. Bosh vazirlik idorasi va Tashqi ishlar vazirligi qo‘shma bayonotida Koganning o‘ldirilishi “jirkanch antisemit terror akti” deb atalgan va Isroil qotillarni javobgarlikka tortish uchun barcha mavjud vositalarni ishga solishi ta’kidlangan.
Isroil Prezidenti Isxak Gersog esa hodisaga shunday munosabat bildirgan:
“Bu jirkanch antisemitizm hujumi yahudiy xalqining dushmanlari qanchalik shafqatsiz ekanini yana bir bor eslatmoqda”, deya yozgan u o‘zining X sahifasida.
Prezident, shuningdek, BAA rasmiylariga tezkor choralar uchun minnatdorlik bildirib, qotillarni javobgarlikka tortish uchun barcha choralar ko‘rilishiga ishonishini aytgan.
Hozirda voqea yuzasidan tergov harakatlari olib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 noyabr kuni Chabad-Lubavich harakati a’zosi, butun dunyo bo‘ylab yahudiylarning targ‘ibotini olib boruvchi ravvin Svi Koganning jasadi Birlashgan Arab Amirliklari hududidan topilgandi. Chabad-Lubavich harakati Koganni oxirgi marta Dubayda ko‘rganligini xabar qildi. Harakat, shuningdek, Koganni Nyu-Yorkning Bruklindagi Kraun-Xayts mahallasida joylashgan anonim filialining elchisi deb atadi.
WAM davlat axborot agentligi Koganning g‘oyib bo‘lganini tasdiqladi, biroq u Isroil fuqarosi deb emas, faqatgina Moldova fuqarosi sifatida tilga olingan.
LiveBarchasi