O‘zbekistonliklar eng ko‘p qaysi davlatlarga sayohat qilyapti?
Jamiyat
−
20 iyul 5842 2 daqiqa
Joriy yilning birinchi yarmida 3,5 mln nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda xorijga safar qildi. Eng ko‘p tanlangan yo‘nalishlar ro‘yxatida qo‘shni davlatlar yetakchilik qilmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026 yil yanvar–iyun oylarida o‘zbekistonliklar eng ko‘p borgan davlatlar quyidagilar bo‘lgan:
Qirg‘iziston Respublikasi – 1 547 589 nafar;
Qozog‘iston – 667 722 nafar;
Tojikiston – 619 515 nafar;
Rossiya – 183 759 nafar;
Saudiya Arabistoni – 153 591 nafar;
Turkiya – 127 241 nafar;
BAA – 41 780 nafar;
Xitoy – 36 502 nafar;
Misr – 25 905 nafar;
Vetnam – 23 409 nafar.
Statistikalarga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida xorijga chiqqan O‘zbekiston fuqarolari soni 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,5 ming nafarga oshgan.
2025 yil yanvar–iyun oylarida ham o‘zbekistonlik sayyohlar asosan qo‘shni davlatlarni tanlagan. O‘sha davrda ham Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikiston eng ommaboplar qatorida bo‘lgan. Biroq bir yil ichida ayrim yo‘nalishlar reytingida o‘zgarishlar kuzatilgan. Jumladan, Saudiya Arabistoni Turkiyani ortda qoldirib, yuqoriroq o‘ringa ko‘tarilgan.
Shuningdek, Xitoy ham reytingda o‘z pozitsiyasini yaxshilagan bo‘lsa, Misr va Vetnam yo‘nalishlari pastlagan.
Shu bilan birga, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va Tojikiston bir yil avvalgi kabi eng ommabop uchlikdagi o‘rnini saqlab qolgan. Bu o‘zbekistonliklar uchun yaqin qo‘shni davlatlarga safarlar asosiy yo‘nalish bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Uzoq xorij yo‘nalishlari orasida esa Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA va Xitoyga bo‘lgan qiziqish yuqori darajada saqlanib qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilda O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi