O‘zbekistonliklar 10 iyunda noyob astronomik hodisaga guvoh bo‘ladi
Bu qiziq
−
09 iyun 2021
20597Joriy yilning 10 iyun kuni noyob astronomik hodisa – halqasimon Quyosh tutilishi sodir bo‘ladi. Bu Quyosh tutilishi 2021 yildagi O‘zbekiston aholisi kuzatishi mumkin bo‘lgan birinchi tutilish hisoblanadi. Bu haqda Ulug‘bek nomidagi Astronomiya instituti ma’lum qildi.
Ushbu Quyosh tutilishini O‘zbekiston hududidan kuzatilganda, Oy Quyosh yuzasining juda kichik qisminigina to‘sadi, ya’ni faqat qisman Quyosh tutilishini kuzatish mumkin. Quyidagi jadvalda O‘zbekiston aholi punktlari uchun tutilish haqida ma’lumotlar keltirilgan:
Ushbu tutilish Halqasimon Quyosh tutilishi hisoblanib, tutilishning to‘liq fazasida (Kanada, Grenlandiya va Rossiya Uzoq Sharqida) Quyosh yuzasining 94,3 foizini tashkil qiladi. Quyosh tutilishi to‘liq fazasining davomiyligi 3 minut 51 sekundga teng bo‘ladi.
Rossiya, Kanada, Mo‘g‘iliston va Grenlandiya orollarida to‘liq tutilishni kuzatish mumkin. Shuningdek, Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyo davlatlarida qisman Quyosh tutilishini kuzatish mumkin.
Quyosh tutilishi (Toshkent vaqti bilan)
Quyosh tutilishi Toshkent vaqti bilan 16:58 da boshlanadi, maksimum fazasi esa 17:26 da kuzatiladi. Shu paytda Oy Quyosh yuzasining 2,12 foiziini to‘sadi va bu vaqtda Quyoshning gorizontdan balandligi 25,2 darajani tashkil qiladi. Toshkent shahrida Quyosh tutilishining umumiy davomiyligi 55 daqiqani tashkil etadi. Soat 17:53 da Quyosh tutilishi yakuniga yetadi. Ushbu qiymatlar faqat Toshkent shahri uchun hisoblangan bo‘lib, tutilishning boshlanishi, maksimal qiymati va tugashi mamlakatning boshqa hudularida ham shunga yaqin vaqt va qiymatlarni aks etgan holda yuz beradi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston aholisi kuzatishi mumkin bo‘lgan navbatdagi Quyosh tutilishi 2022 yilning 25 oktyabr kuni sodir bo‘lishi kutilmoqda. 2022 yilning 25 oktyabrda sodir bo‘ladigan Quyosh tutilishida ham O‘zbekiston aholisi qisman Quyosh tutilishini kuzatish imkoniga ega bo‘ladi. Ushbu Quyosh tutilishida to‘silish magnitudasi 75 foizga yetadi.
Quyosh tutilishini kuzatishga oid eslatmalar va tavsiyalar:
Quyosh tutilishini maxsus Quyosh nurini yutuvchi qora ko‘zoynak, qoramtir tekis shisha yoki payvandlash (svarochnaya) maskasi yordamida kuzatish mumkin.
Optik qurilmalar - durbin yoki teleskoplardan foydalanib zinhor Quyoshga qaramang! Bu ko‘zga zarar yetkazadi. Qurilmalardan foydalanishdan avval ularga, albatta, maxsus Quyosh filtrlarini o‘rnatish kerak.
Quyosh tutilishini optik asboblar yordamida ma’lum bir ekranga proyeksiyalash orqali ham kuzatish mumkin. Lekin bu holat uzoq davom etsa, optik asboblar quyosh nurini yig‘ib berganligi uchun qizib ketishi va optik qismlariga zarar yetkazish ehtimoli katta hisoblanadi.
Quyosh tutilishini eng xavfsiz va qulay kuzatish usullardan biri bu karton qog‘ozda kichik tirqish hosil qilib, Quyosh nurini ushbu tirqishdan o‘tkazib ikkinchi karton qog‘ozga (ekranga) proyeksiyalashdir.