O‘zbekistonlik Voitovning qirg‘izistonlik mavqedoshi ham hibsga olindi

Olam

image

Qirg‘izistonning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Erkinbek Choduyev hibsga olindi. Bu haqda mamlakat Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot markazi xabar berdi. 

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, tergovga sobiq mansabdor shaxsning korrupsion va firibgarlik faoliyati haqida ma’lumot kelib tushgan. 

Mazkur holat yuzasidan Qirg‘iziston Respublikasi Jinoyat kodeksining 222-moddasi “Jinoiy daromadlarni legallashtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

“Sobiq vazir “Limatex Cotton Corporation” mas’uliyati cheklangan jamiyati ijrochi direktori bo‘lib, kompaniyaning O‘sh va Jalolobod viloyatlaridagi umumiy maydoni 50 gektardan ortiq yer uchastkalarini noqonuniy xususiylashtirish yo‘li bilan jismoniy shaxslarga sotib yuborgan. Dastlabki zarar 500 million somga (5 million 587 ming AQSH dollari) baholanmoqda”, deyiladi xabarda. 

Erkinbek Choduyev qo‘lga olinib, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining vaqtincha saqlash izolyatoriga joylashtirilgan. 

“Ayni paytda ushbu korrupsiyaga aloqador boshqa shaxslarni fosh etish va javobgarlikka tortish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyiladi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xabarida.

Ma’lumot uchun, Choduyev Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vaziri lavozimiga 2019 yil 30 may kuni Prezident Sooronbay Jeenbekovning farmoni bilan tayinlangan. 2020 yil 21 oktyabrda Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sadir Japarovning farmoni bilan Choduyev lavozimidan ozod etildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning dekabr oyida O‘zbekiston sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov ham qamoqqa olingani va DXX hibsxonasida saqlanayotgani xabar qilingan edi. 


Maqola muallifi

Teglar

Aziz Voitov Erkinbek Choduev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing