O‘zbekistonlik tibbiy otryad Turkiyadan qaytdi (foto)

Jamiyat

image

Turkiyada 24 kun davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilari Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda vazirlik Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 6 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Mudofaa vazirligining tibbiy otryadi xodimlarini ommaviy axborot vositalari, keng jamoatchilik vakillari, mudofaa vazirining o‘rinbosari va boshqa rasmiylar kutib olgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga binoan joriy yilning 8 fevral kuni Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otryadi zilzilalar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish hamda zilziladan jabrlanganlarga tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida Turkiya Respublikasiga jo‘nab ketgan edi.

O‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar qariyb bir oy davomida zilzilalardan jabr ko‘rgan turk xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatib, og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlab, ularga kamarbasta bo‘lgan. Shu vaqt davomida harbiy xizmatchilar jami 3860 nafar fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatgan. Qutqarilganlarning 1795 nafari erkaklar, 1177 nafari ayollar va 888 nafarini esa bolalar tashkil etgan.

Avvalroq, joriy yilning 25 fevral kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligining qutqaruv otryadi O‘zbekistonga qaytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubiy-sharqiy viloyatlarida dahshatli zilzilalar yuz berdi. Oqibatda zilzila qurbonlari soni 44 mingdan oshgan edi. O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhi tabiiy ofat o‘chog‘i, ya’ni Hatay viloyatiga jo‘natildi. Otryad ishtirokidagi qutqaruv operatsiyasi 2 haftadan ko‘proq davom etdi va shu vaqt ichida qutqaruvchi yigitlar vayronalar ostidan 18 nafar tirik odam va 200 ga yaqin jasadlarni olib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing