O‘zbekistonlik sportchi ishtirokidagi hodisa vazirlargacha yetib bordi
Jamiyat
−
22 avgust 2019
9686Bir necha kundirki ijtimoiy tarmoqlarda Qirg‘izistonda o‘tgan musobaqada yuz bergan voqea qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Gap shundaki 18 avgust kuni Qirg‘izistonning O‘sh viloyati Qorasuv shahrida o‘tkazilgan “qulatuv” jangi bo‘yicha “WEF PROFFIGHT” turniri haqida ketyapti.
Musobaqada o‘zbekistonlik Nursulton Ro‘ziboyev va qirg‘izistonlik Oltinbek Oriqboyev o‘rtasidagi jangdan so‘ng, o‘zbekistonlik sportchining Vatani bayrog‘ini ko‘tarishi hakamning noroziligiga sabab bo‘ldi. Hakam O‘zbekiston bayrog‘ini ringdan tashqariga uloqtirdi. Ayni shu holat o‘zbekistonliklarning jiddiy noroziligini keltirib chiqardi.
Mazkur masala bo‘yicha bugun, 22 avgust kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov bilan telefon orqali muloqot qildi. Ishning barcha jihatlarini birgalikda o‘rganish va ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar ruhida vaziyatni hal qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ma’lumot uchun, hozirda Nursulton Ro‘ziboyevga nisbatan Instagram`dagi sahifasiga joylashtirgan video murojaati sabab Qirg‘izistonda mamlakat Jinoyat kodeksining 313-moddasi (milliy, diniy, etnik va irqiy mojaro chiqarishga urinish) bo‘yicha sudgacha tekshiruv boshlangan.