O‘zbekistonlik para-atletlar Jahon chempionatini 17 ta medal bilan yakunladi
Jamiyat
−
19 iyul 2023
2797O‘zbekistonlik para-yengil atletikachilar Jahon chempionatini 17 ta medal bilan yakunladi. Bu haqda Yoshlar siyosati va sport vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 8-17 iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida bo‘lib o‘tgan para yengil atletika bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida katta tarkib bilan ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi 6 ta oltin, 7 ta kumush va 4 ta bronza, jami 17 ta medalni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida o‘zbekistonlik sportchilar 8-o‘rinni egallagan. Mazkur musobaqada dunyoning 103 ta mamlakatidan 1206 nafar para-atlet ishtirok etgan.
Yana bir e’tiborli jihati, bu galgi jahon chempionatida 5 nafar o‘zbekistonlik sportchi: Doniyor Saliyev, Izzat Turg‘unov va Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bahslarida, yadro uloqtirishda Bobur Omonov, nayza uloqtirishda esa Nurxon Qurbonova jahon rekordini yangilagan.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari uchun chempionatning eng muhim natijalaridan yana biri hisoblangan Parij-2024 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga ham 19 ta yo‘llanma qo‘lga kiritilgan.
Ular bugun, 19 iyul kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev, qo‘mita mutasaddilari, OAV, ota-onalar hamda keng jamoatchilik vakillari tomonidan tantanali kutib olindi.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonlik para-atletlar 2019 yilda BAAda o‘tkazilgan Jahon chempionatida 4 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza, jami 8 ta medal qo‘lga kiritgan edi.
LiveBarchasi