O‘zbekistonlik migrantlar 3 oyda qariyb 5 mlrd dollar pul yubordi
Jamiyat
−
23 avgust 6025 2 daqiqa
Joriy yilning II choragida o‘zbekistonlik migrantlar mamlakatga 4,8 mlrd dollar pul yuborgan. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “Mehnat bozori sharhi”da keltirilgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilning ikkinchi choragida mehnat muhojirlari tomonidan O‘zbekistonga jami 4,8 mlrd dollar miqdorida pul o‘tkazmalari amalga oshirilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21,4 foizga o‘sgan (2024 yilning mos davrida 38,6 foiz o‘sgan).
“Joriy dinamikaning shakllanishi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlarda valyuta kurslarining nisbatan barqarorligi, ish haqining oshishi va iqtisodiy faollikning yuqori sur’atlari bilan bog‘liq”, deyiladi sharhda.
Shu bilan birga, II chorakda turli mintaqalardan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining sezilarli o‘zgarishi kuzatilgan. Xususan, Boltiq davlatlari, Yevropa va boshqa mintaqalardan o‘tkazmalar hajmi o‘sish sur’ati qolgan mintaqalarga nisbatan yuqoriroq saqlanib qolgan. Bunda, ayniqsa Boltiq davlatlaridan pul o‘tkazmalarining sezilarli oshishi kuzatilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 65,6 foizga o‘sgan. Shuningdek, mazkur davrda AQSH, Rossiya va Yevropadan jo‘natilgan pul o‘tkazmalari o‘sishining pasayishi (mos ravishda 10,3, 23,7 va 26,9 foizgacha) kuzatilgan bo‘lsa, Osiyodan o‘tkazmalarning barqarorlashuvi saqlanib qolgan.

Tashqi bozorda, xususan, Rossiya, Yevropa va Boltiq davlatlarida kuzatilayotgan so‘nggi o‘zgarishlar hamda mehnat muhojirlariga bo‘lgan talabning o‘sishi pul o‘tkazmalaridagi joriy dinamikaning shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Bu, o‘z navbatida, mehnat muhojirlari oqimi yo‘nalishlari bosqichma-bosqich kengayayotganligidan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki tomonidan iaqdim etilgan Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi migratsiya masalalari bo‘yicha tadqiqotda agar migrantlarning pul o‘tkazmalari bo‘lmasa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 6,9 foizdan 16,8 foizga oshishi mumkinli qayd etilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr