O‘zbekistonlik mashhur sportchi operatsiya jarayonida vafot etdi
Sport
−
24 may 2023
41805Kecha, 23 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi bosh hakami, mashhur sportchi Aida Hasanova 39 yoshida to‘satdan vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda aytilishicha, sportchi kosmetologik operatsiya davomida noto‘g‘ri dori vositasi qo‘llanilishi oqibatida shokka tushgan. Biroz vaqt o‘tgach, u 16-shahar shifoxonasiga olib borilgan. Hasanova taxminan kechki soat 19:00 larda shifoxonada vafot etgan.
Aida Hasanova 1983 yil 4 avgustda Toshkent shahrida tug‘ilgan.
U qilichbozlik bo‘yicha sport ustasi, 2001-2006 yillarda mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan. 2005 yilda Angliyada o‘tkazilgan xalqaro turnirda g‘olib bo‘lgan.
2014 yilda Aida O‘zbekiston tarixida birinchi bo‘lib uch qurol turi bo‘yicha xalqaro qilichbozlik hakami bo‘lgan. O‘sha yildan boshlab u Xalqaro qilichbozlik federatsiyasining hakami sifatida faoliyat yuritib kelayotgandi.
Aida Hasanova Tokio-2020 Olimpiada o‘yinlarining qilichbozlik sport turida hakam sifatida ishlagan birinchi markaziy osiyolik mutaxassis hisoblanadi. U dunyoning eng yaxshi besh nafar qilichbozlik hakami deb ham e’tirof etilgan.
“Aidadan qilichbozlik sport turi oilasiga yorqin xotiralar qoldi. Aida ushbu sport turini sevganlarning qalbida mangu barhayot”, deyiladi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star Med Center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.
LiveBarchasi